Ukrainada yangi mudofaa vaziri tayinlandi. Valeriy Geleteyning aytishicha, armiya dushmanlarni yanchib, g’alabani Sevastopolda nishonlaydi. Rossiyaning Qora dengiz floti joylashgan Sevastopol shahri 16-mart kuni Qrim bilan birga Rossiya tarkibiga kirgan.
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko qurolli kuchlar bosh shtabi rahbarini ham yangiladi.
Kecha Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari Berlinda uchrashib, mamlakat sharqidagi harbiy harakatlarga chek qo’yish xususida gaplashgan hamda Ukraina harbiylari va isyonchilar shanba kungacha muzokaralarni jonlantirishi zarur degan xulosaga keldi.
To’rt mamlakat bosh diplomatlariga ko’ra, muzokaralardan oldin tomonlar sulhga kelishib, jarayonni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazorat qilishi lozim.
O’tgan hafta hukumat tomonidan e’lon qilingan sulh bir haftadan so’ng bekor qilinib, Poroshenko harbiy harakatlarni davom ettirishni buyurdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Berlindagi majlisdan so’ng Poroshenkoning bu qarorini tanqid qilib, sharqda armiya hujumlari oqibatida tinch aholi nobud bo’layotganini aytdi.
Prezident Vladimir Putinga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi ruslarni himoya qilish uchun barcha choralarni ishga soladi.
So’nggi 24 soat ichida Ukraina armiyasi ham talofatlar ko’rgan. Besh harbiy nobud bo’lgan, 21 nafari yaralangan.
AQSh va Yevropa davlatlari Rossiyani isyonchilarni qurol bilan ta’minlayotganlikda ayblab keladi.