Breaking News

Hukumatlar zararli gazlarni kamaytirishga va'da bermoqda


Dunyo yetakchilari Birlashgan Millatlar Tashkilotida yig'ilib, iqlim o’zgarishiga doir tarixiy kelishuvga imzo chekdi. Ular atmosfera tozaligini ta’minlash yo’lida konkret qadamlar tashlaymiz, deya katta va'dalar bermoqda.

Nyu-Yorkda o'tgan tantanali marosimda 60 dan ziyod prezident va bosh vazirlar qatnashdi.

“Vaqtni boy bermasdan, boshqa davlatlar ham bizga qo'shilsin. Parij kelishuvi kuchga kirishini tezlashtirish lozim. Sayyoramizni asrab qolishning birdan-bir yo’li shu”, - dedi BMT bosh kotibi Pan Gi Mun.

O’tgan yili dekabrda Parijda imzolangan kelishuv global haroratning 2 darajadan oshmasligini ta’minlashni ko’zda tutadi. Qariyb 200 davlat qo’l qo’ygan bu hujjatni ratifikatsiya qilib, amalda tatbiq etish kerak.

Hukumatlar iqlim tobora isishiga sabab bo’layotgan gazlarni kamaytirish majburiyatini olmoqda.

BMT vakili Selvin Xartning tushuntirishicha, Parij bitimi kuchga kirishi uchun uni kamida 55 davlat ratifikatsiya qilishi lozim.

Bu jarayonda AQSh va Xitoy tutgan pozitsiya katta ahamiyatga ega. Chunki zararli gazlarning taxminan 40 foizi shu ikki davlatdan chiqadi. Ham Vashington, ham Pekin kelishuvning tezroq kuchga kirishi tarafdorimiz, demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG