Breaking News

BMT: Iqlim o'zgarishiga qarshi tezkor chora ko'rish kerak


Iqlim o'zgarishi bo'yicha BMT hisoboti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lum qilishicha, iqlim o’zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun dunyo mamlakatlari tezroq toza yonilg’i manbalariga o’tishi kerak. Tashkilotning Iqlim o’zgarishi bo’yicha hukumatlararo guruhining Berlinda o’tgan yig’inida masalaga bag’ishlangan yangi hisobot e’lon qilindi. Hujjatdan avvalgi tadqiqotlar asosida iqlim o’zgarishining ta’siri va unga qarshi ko’riladigan chora-tadbirlar haqida yangi ma’lumotlar o’rin olgan.
Kaliforniyaning Moxave cho’lida qurilayotgan ulkan quyosh batareyalari bir kun kelib 140 ming xonadonni toza energiya bilan ta’minlaydi, deydi AQShning “NRG energiya” kompaniyasi prezidenti Deyvid Kreyn.

“Bizning avlodimiz iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni boshlab beradi. Hozir 20-30 yoshda bo’lgan keyingi avlod esa unga so’nggi nuqtani qo’yadi”, - deydi u.

BMTning Iqlim o’zgarishi bo’yicha hukumatlararo guruhi rahbari Rajendra Pachauri esa bu ishni butun dunyo qilishi lozimligini ta’kidlaydi.

“Iqlimning selsiy shkalasi bo’yicha 2 darajadan oshmasligini ta’minlashni istasak, bu hisobot biz uchun jiddiy ogohlantirish bo’lishi kerak”, - deydi u.

Hisobotga ko’ra, iqlim o’zgarishining falokatli oqibatlaridan saqlanish uchun 2050-yilgacha issiqxona gazlari miqdori 40 foizdan 70 foizgacha kamaytirilishi kerak. Buning imkoniyati o’z qo’limizda, deydi Atrof-muhit mudofaa jamg’armasi tadqiqotchisi Nataniel Koxeyn.

“Energiyani tejash, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ko’paytirish hamda cho’llashishning oldini olish kabi ishlar bor. Shularni amalga oshirsak, 2020-yilgacha eson-omon yetib borib, iqlim xavfsizligini ta’minlashga o’z hissamizni qo’shgan bo’lamiz”, - deydi u.

Qayta tiklanadigan energiya manbalarining butun dunyo energiyasidagi ulushi 8,5 foizni, agar unga yadro energiyasi ham qo’shilsa, 20 foizni tashkil etadi. Lekin bu juda kam, deydi Koxeyn.

“Hisobotdagi statistikaga qaraydigan bo’lsak, boshqa manbalarga qaraganda ko’mir iste’moli tez oshib borayotganiga guvoh bo’lamiz. Bu jarayonni ortga qaytarib, aksincha, toza energiya manbalarini rivojlantirishimiz kerak”, - deydi tadqiqotchi.

BMTning ogohlantirishicha, issiqxona gazlarini nazorat qilish qanchalik kechiksa, jamoat sog’lig’i va arof-muhitga zarari shunchalik katta bo’ladi. Fuqarolar hukumatlardan bu borada chora ko’rishni talab qilishi kerak, deydi Koxeyn.

“Siyosiy xohish bo’lsa va shu maqsadga qarab yura olsak, muammoni bartaraf qilish uchun zarur texnologiyaga ega bo’la olamiz. Bunga hamma o’z hissasini qo’shishi kerak”, - deydi u.

Falokatning oldini olish imkoniyati hozircha boy berilmadi, deyiladi hisobotda. Ayni damda BMT mutaxassislari global issiqxona gazlari miqdorini kesuvchi yangi xalqaro kelishuv ustida ishlayapti. U 2012-yilda kuchdan qolgan Kioto protokoli o’rnini egallashi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG