Breaking News

BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasi ish boshladi


BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun (chapda) Bosh Assambleya prezidenti Jon Ashe bilan, Nyu-York, 23-sentabr, 2013-yil.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun (chapda) Bosh Assambleya prezidenti Jon Ashe bilan, Nyu-York, 23-sentabr, 2013-yil.
24-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining umumiy muzokara deya ataluvchi bosh yig'ini o'z ishini boshlaydi. Unda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan rahbarlar ishtirok etib, bugungi kunning eng dolzarb mavzulari bo'yicha bahs olib boradi.

Yig'inda Suriyadagi fuqarolar urushi, Eron yadro dasturi, Yaqin Sharqdagi beqarorlik hamda dunyo iqtisodiyotining keyingi istiqboli kabi masalalar asosiy muhokama mavzusi bo'lishi kutilyapti.

Shu kungacha 100 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo'lgan Suriyadagi urush, Damashq yaqinida tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo'llangani haqida xabarlar tarqalgach, yana xalqaro hamjamiyat diqqat markazidagi asosiy masalaga aylandi. AQSh va bir qator G'arb davlatlari sodir etilgan jinoyatda Bashar al-Assad rejimini ayblaydi. Qo'shma Shtatlar fikricha, Assad hukumati buning uchun jazoga tortilishi kerak.

AQSh rahbari Barak Obama BMT yig'inida nutq so'zlab, shu masalaga alohida to'xtalishi kutilmoqda. U Xavfsizlik kengashidan Suriyaga qarshi keskinroq jazo choralarini qo'llovchi rezolyutsiya qabul qilishni so'ramoqchi.

Ayni paytda Eron yadro dasturi atrofidagi xavotir va munozaralar ham tingani yo'q. Yaqinda prezidentlikka saylangan Hasan Ruhoniy BMT minbaridan turib jahon hamjamiyatini Eronning yadro qurolini yaratish niyati yo'qligiga ishontirish niyatida.

Ammo AQSh va uning ittifoqchilari rasmiy Tehronning bunday so'zlariga shubha bilan qaraydi.

Bizga hozir quruq so'z emas, amaliy harakat kerak, deydi prezident Obamaning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi o'rinbosari Ben Rodez. Unga ko'ra, agar Eron samimiy bo'lsa, xalqaro hamjamiyatning shu masala bo'yicha ko'proq ma'lumot so'rab qilgan murojaatlarini to'la qondirishi kerak.

Prezident Obama yig'in doirasida Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan ham uchrashishi kutilmoqda . AQSh rahbari, shuningdek, 30-sentabr kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni Oq Uyda qabul qiladi.

Yaqinda tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga rozi bo'lgan Isroil va Falastin rasmiylari BMT yig'ini doirasida bir-biri bilan uchrashishi ma'lum emas. Ammo muhokama qilinadigan mavzular orasidan Yaqin Sharqdagi tinchlik masalasi ham o'rin olgan.

BMT Bosh Assambleyasi asosiy yig'inining 1-ish kunida, shuningdek, Turkiya Prezidenti Abdulloh Gul, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al-Taniy, Iordaniya qiroli Abdulloh II bin Al Husseyn kabi dunyoning 30 dan ortiq davlati rahbarlari nutq so'zlashi rejalangan.

Bosh Assambleyaning asosiy yig'ini 1-oktabrgacha davom etadi. Unda 120 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG