Breaking News

Turkmaniston BMTga inson huquqlari xususida hisobot berdi


“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Turkmanistonning BMT Inson Huquqlari Kengashi tavsiyalarini qabul qilganidan mamnuniyat bildirar ekan, ayni paytda mamlakatda inson huquqlari toptalishi borasida jiddiy muammolar hal etilmay kelayotganiga e’tibor qaratadi.

Mamlakatda 2012-yilda siyosiy partiyalar haqidagi qonun, 2013-yilda esa matbuot erkinligi haqidagi qonun qabul qilingani ijobiy o’zgarish sifatida ko’rilmoqda.

Ammo bunday huquq va erkinliklarni amalda kafolatlash yo’lida hukumat hech qanday chora ko’rmayapti, deyiladi “Xalqaro Amnistiya”ning bu xususda chiqargan bayonotida.

Jurnalistlar, inson huquqlari faollari va boshqa oddiy fuqarolar huquqlari poymol qilinishda davom etmoqda; hech qanday isbotsiz hibsga olish, mahbuslarni qiynoqqa solish va adolatsiz jazoga mahkum etish hollari keng tarqalgan. Turkmaniston hukumati, shuningdek, nodavlat tashkilotlarini ro’yxatga olish talablarini o’zgartirmay, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga yo’l qo’ymayapti, deydi tashkilot.

BMT Inson Huquqlari Kengashining Jenevadagi uchrashuvida ikki davlat vakillari Turkmaniston rasmiylaridan taqdiri noma’lum qolayotgan mahbuslar haqida ma’lumot talab qildi. Mahbuslar yaqinlari “Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga 10 yildan buyon qamalgan qarindoshlari haqida darak olmagani, qamalganlar tirik yoki o’likligini ham bilmasligini aytgan.

Turkmanistonning Kengash tavsiyalarini qabul qilgani, Qiynoqlarga qarshi xalqaro Konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilgani hamda 2012-yil avgust oyida mamlakat Jinoyat kodeksiga qiynoq tushunchasining kiritilgani xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan olqishlandi. Biroq mamlakatda odamlarning hibsga olinishi va so’ngra qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlar to’xtamayapti.

Shuningdek, mahbuslarning majburiy ravishda ruhiy kasalxonalarda davolanishi hollari qayd etilgan. Bundan tashvish bildirar ekan, “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Turkmaniston rasmiylaridan bunday ma’lumotlarni o’rganib chiqishni va aybdorlarni javobgarlikka tortishni so’raydi. Tashkilot, shuningdek, rasmiylarni yana bir bor xalqaro kuzatuvchilarni mamlakatga kiritishga chaqiradi.

BMT Inson Huquqlari Kengashi Turkmanistonning inson huquqlariga oid hisobotini 18-sentabr kuni Jenevadagi majlisida qabul qildi.

“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Kengashga o’zining mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyat bo'yicha mustaqil hisobotini taqdim etgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG