Breaking News

BMT: Huquqbuzarlik dunyo bo'ylab odatiy hol


Ziyod Ra'ad al-Husayn, BMT Inson huquqlari bo'yicha bosh komissari
Ziyod Ra'ad al-Husayn, BMT Inson huquqlari bo'yicha bosh komissari

BMT Inson huquqlari bo'yicha bosh komissari Ziyod Ra'ad al-Husayn hukumatlarni inson huquqlarini muntazam ravishda buzayotganlikda ayblab, ularni qisqa muddatli maqsadlar yo'lida xalqaro normalarni poymol etmaslikka chaqirmoqda. Jenevada Inson huquqlari kengashida so'zlar ekan, rasmiy a'zo mamlakatlarni terrorizm va esktremizmga qarshi kurashni deb huquqni oyoq osti qilmaslikka undadi.

BMT: Xalqaro normalarni buzish bugun normaga aylangan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

Hukumatlar xalqaro tizimlarni, me'yorlarni bemalol buzishga o'rganib ketdi, deydi Husayn. Rahbarlar o'zini hech kimning oldida javobgar deb his etmaydi. Qonunlarning istagan qismini o'ziga moslab, istamaganini chetga suradi. Fojia shuki, bu holatlar normaga aylanmoqda, deydi BMT rasmiysi.

Ekstremizmga nisbatan chora, xorijdan kelayotgan qochqinlar oqimini to'xtatish yoki qurolli mojarolarning oldini olish uchun deya ko'plab davlatlar inson huquqlarini qo'pol ravishda buzuvchi siyosat bilan chiqmoqda, deydi Husayn.

“Ko'plab rahbarlar millatchilik urug'ini sochmoqda. Muammo tubida nima yotganiga e'tibor bermay, masalani biz oq, ular esa qora degan qabilda ko'rib, o'zlariga nisbatan quvvatlovni oshirmoqchi. Muammo esa yechilmay qolaveradi",- deydi BMT rasmiysi.

Bir paytning o'zida dunyoning ko'plab chekkalarida xalqaro normalar keng va aql bovar qilmaydigan tarzda oyoq osti qilinmoqda. Suriyada besh yildan beri davom etayotgan qonli urush bunga yaqqol misol, deydi Husayn. Yuz minglab odamlar o'ldi, kasalxonalar va tibbiy xodimlar nishonga olindi, aholi och-nahor. Suriyaning ko'plab qismlariga oziq-ovqat ataylab kiritilmayapti, insonparvarlik yordami uchun yo'l yopiq.

Afg'oniston, Iroq, Liviya, Janubiy Sudan, Yaman singari mamlakatlarda ham vaziyat bag'oyat og'ir. Fuqarolarni xo'rlash, begunoh insonlarni o'ldirish, qiynash, majburlash hollari keng tarqalgan. Bir tomondan jangarilar, ikkinchi tomondan esa hukumatlar tinch aholini azoblamoqda, deydi Husayn.

"Bechora odamlar mojarodan qochib, o'zga yurtlarda jon saqlashga majbur, lekin u yerlarda ham bu insonlarga kun yo'q",- deydi BMT rasmiysi, Yevropaga yopirilib kelayotgan qochqinlarga nisbatan salbiy munosabatga ishora qilib.

BMT komissari biror davlatni tilga olmaydi, lekin gap shundaki, Yevropaning qator mamlakatlari qochqinlar uchun eshikni yopmoqda.

Ikkinchi jahon urushi davrida Yevropaning turli davlatlaridan qochganlarni o'zga yurtlar o'z bag'riga olgan. Biroq bugun bu jamiyatlar uyalmay-netmay madad so'rab kelganlarni haydamoqda, deydi Husayn.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG