BMT Xavfsizlik kengashi "Islomiy davlat" to'dasining moliyaviy tarmoqlarini yo'q qilishga kirishdi. Kengashda kecha qabul qilingan rezolyutsiya terrorchi guruhga borib tushayotgan mablag'larning yo'lini to'sishga qaratilgan.
"Bu yerdagi har bir davlat shu tartibga rioya qilishi, yaqindan hamkorlik qilib, uni ijroga kiritishi kerak. Shu paytgacha Al-Qoida va boshqa guruhlarga qarshi muvaffaqiyatli ishlab kelganmiz. Terrorchilarning moliyaviy manbalariga qarshi samarali kurashish uchun xususiy sektor bilan ham chuqur hamkorlik qilib, kop tomonlama boshqaruv va axborot almashinuviga ega bo'lishimiz lozim", - dedi AQSh Moliya vaziri Jek Lyu.
"Islomiy davlar" daromadi, asosan, qora bozordagi neft savdosidan kelishi aytiladi. Shuningdek, guruh o'g'irlangan qimmatbaho buyumlar savdosi, odam o'g'irlash va yo'lto'sarlik orqali ham pul topadi.
"Xalqaro hamjamiyat noqonuniy pul oqimi va terrorizmni moliyalash kabi jinoyatlarga qarshi kurashda oldinda bo'lishi kerak. Bu oson emas. Ko'plab davlatlar terrorchilar mol-mulkini aniqlash va muzlatish uchun zarur malala, mutaxassis va huquqiy asoslarga ega emas", - deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.
BMT rezolyutsiyasi a'zo davlatlardan terror guruhlarining moliyaviy manbalarini kesish bo'yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishni talab qiladi.