Breaking News

BMT bosh kotibi lavozimi uchun poyga avjida


UNESCO rahbari Irina Bokova - BMT bosh kotibi lavozimiga nomzodlardan biri
UNESCO rahbari Irina Bokova - BMT bosh kotibi lavozimiga nomzodlardan biri

Ular orasida ikki sobiq prezidentlar qizlari va bir fermer, havaskor tarixchi, sobiq prezident, Timbuktuning sharafli fuqarosi hamda qator tashqi ishlar vazirlari bor. Bari Birlashgan Millatlar Tashkilotining keyingi rahbari bo’lish ilinjida.

Tarixda birinchi marta BMT Bosh kotibi lavozimiga taklif etilayotgan nomzodlarning yarmi – ayollar. 50 dan ziyod davlat lavozimga ayol tayinlanishini yoqlamoqda.

Sakkiz nomzod - Sharqiy Yevropadan. Bu mintaqadan hech qachon BMT bosh kotibi chiqmagan.

Bu galgi tanlov jarayoni ilgarigilaridan keskin farq qiladi. Bu safar nomzodlar bilan uchrashuvlar, suhbatlar, savol-javoblar bo’lib o’tdi.

BMTning 15 davlat a’zo Xavfsizlik Kengashi endi har bir nomzod bo’yicha fikr bildiradi. Kengashga besh doimiy a’zo – AQSh, Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya veto huquqini qo’llashi, ya’ni nomzodga qarshi ovoz berib, uni poygadan chiqarib yuborishi mumkin.

Oktabrga borib Pan Gi Mun o’rnini kim egallashi ma’lum bo’ladi.

Xavfsizlik Kengashi qaror qabul qilgach, tanlangan nomzod ismini Bosh Assambleyaga yuboradi, Assambleya esa yangi bosh kotibni rasman tayinlaydi.

G’olib kim bo’lishi mumkin?

O’tmishda nomzodlar ism-sharifi oshkor etilmagan. Ba’zi hollarda lavozimga nomzodi ko’rib chiqilayotgan arbob bundan bexabar bo’lgan. Masalan, 1953-yilda Shvetsiya diplomati Dag Hammershold Xavfsizlik Kengashi uni saylagani haqida telegramma olgan. Unda “lavozimni qabul qilasizmi?” degan savol bor edi. Hammershold taklifni qabul qilib, BMTning ikkinchi bosh kotibi sifatida tarixga kirdi.

Bu safar BMT Bosh Assambleyasi jarayonni biroz o’zgartirishga qaror qildi. Har bir hukumatga bir nomzodni taklif etish mumkinligi ma’lum qilindi.

Natijada tarixda ilk bor nomzodlar ochiq suhbatdan o’tishga va o’z malakasi va tajribasini har tomonlama namoyish qilish imkoniga ega bo’ldi.

“Dunyodagi eng qiyin ish”

Urush va qurolli mojarolar, tabiiy ofatlar, terrorizm va qochqinlar inqirozi davrida kim global tashkilotni boshqarishni istaydi?

“Bu dunyodagi eng ajoyib ishlardan biri”, - deydi Sloveniyaning sobiq prezidenti va BMT bosh kotibligiga nomzod, 64 yashar Danilo Turk.

U BMTni ko’zguga qiyosladi.

“Dunyo muammolarini aks ettiradi. Dunyo umidlarini ham. Bu umidlarning amalga oshishi ustida ishlashdan ezguliroq ish bormi?” – deydi u.

Yana bir nomzod, Portugaliyaning sobiq bosh vaziri, 67 yoshli Antonio Guterres esa global muammolarni hal etish uchun sharoitlar yaratmoqchi ekani haqida gapiradi. 2015-yil dekabrigacha 10 yil davomida BMT qochqinlar idorasini boshqargan arbob mojarolarni ipidan ignasigacha biladi.

“Xalqaro hamjamiyat muammo yoqasida turganida ham unga tayyorgarlik ko’rishga shoshilmaydi. Natijada mojarolar oldi olinmay qoladi”, - der ekan Guterres muammolarni oldindan to’xtatish butun jahon hamjamiyatining mas’uliyati bo’lishi kerak, deydi.

Yana bir nomzod, UNESCO Bosh direktori, 64 yashar Irina Bokova bolgariyalik. Sharqiy Yevropa jiddiy evrilishlardan o’tdi va bu tajriba hozirgi davrda nihoyatda katta ahamiyatga ega, deydi u.

66 yoshli yangi zelandiyalik nomzod Helen Klark uchun BMTni boshqarish global taraqqiyotga hissa qo’shishning eng yaxshi yo’li. Fermer qizi Yangi Zelandiya Bosh vaziri lavozimigacha ko’tarildi, hozirda BMT Taraqqiyot dasturini boshqaradi.

“Tinchlik va xavfsizlik dunyoning ko’plab mintaqalarida tanqis. Ularni ta’minlash yo’lida barcha choralarni ko’rishga, bor quvvatimni, tajribam va malakamni qo’llashga tayyorman”, - deydi Klark.

Kosta-rikalik nomzod, 59 yoshli Kristina Figueres esa “to’g’ri yo’l tutadigan rahbar odamlarni birlashtirib, muammolar yechimini topa oladi”, deydi. Kosta-Rika prezidenti etib uch marta saylangan arbobning qizi olti yil davomida BMTning iqlim o’zgarishi bo’yicha bosh vakili bo’lib xizmat qildi va global iqlim isishiga oid xalqaro bitimning imzolanishida asosiy rol o’ynadi.

Endi nima bo’ladi?

Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar va xorijiy hukumatlar orasida yetarli tayanchga ega bo’lmagan nomzodlar o’z xohishiga ko’ra poygadan chiqishi mumkin. Poygaga qo’shilishga tayyor turganlar ham yo’q emas. Masalan, Avstraliyaning sobiq bosh vaziri Kevin Radd hukumatdan uning nomzodini ilgari surishni so’radi. Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kristalina Georgieva ham BMTni boshqarishni istaydi. Ammo bolgariyalik bo’lgani uchun u vatani tomonidan ilgari surila olmaydi, chunki Bolgariya Irina Bokova nomzodini taklif qilib bo’lgan. Shu bois Georgieva boshqa hukumat nomidan nomzod bo’lishga umid qilmoqda.

Poygada g’olib chiqqan arbob besh yillik muddatga saylanadi va 2017-yil 1-yanvardan ishga tushadi. Aksariyat bosh kotiblar bu lavozimni ikki muddat boshqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG