Breaking News

Dunyo virtual muloqot qilar ekan, kiber hujumlar xavfi oshmoqda


Virtual diplomatiya va kiberxavfsizlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

BMT Bosh Assambleyasining 75-yillik sessiyasi davom etmoqda. Ammo bu gal davlat rahbarlari pandemiya tufayli BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohiga bormadi. Tashkilotning 75 yillik tarixida sessiya ilk bor virtual shaklda o’tyapti. Ma’ruzalar oldindan yozib olingan, majlislar onlayn tarzda o’tmoqda.

“Bu tarzda ish yuritish butun dunyoda bo’lgani kabi biz uchun ham nisbatan yangi. Mart oyidan buyon tayyorgarlik ko’rib kelganmiz. Odamlar texnologiya bilan yaqinroq tanishgan sari ish uslubi ham mukammallashadi”, - deydi assambleyaning kommunikatsiya bo’limi rahbari Brendan Varma.

Biroq virtual format BMT va boshqa tashkilotlarni kiber tahdidlar bilan yuzlashtirmoqda. Virtual platformalarga o’tish shu yilning o’zida kiber xurujlar 700 foizga oshishiga olib kelgan.

Maktablar, bizneslar va tashkilotlar videokonferensiyalar o’tkazayotganda, begona odamlarning muloqotga qo’shilib olishi “Zoombombing” deb ataladi. Shu bois “Zoom” ilovasidan foydalanishni ayrim kompaniyalar taqiqlagan.

“Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti haqida gap ketganda, turli toifadagi buzg’unchilar ichki ma’lumotlarni qo’lga kiritib, ularni o’zgartirib, foyda ko’rishga harakat qilishi mumkin”, - deydi terrorizm masalalari bo’yicha ekspert Evan Kolman.

“Emsisoft” kompaniyasiga ko’ra, 2019-yilda “ransomware” turidagi dasturiy ta’minot orqali hujum qilish hollari 41 foizga o’sgan. Bunda kompyuterdagi ma’lumotlar shifrlanib, ularni ochib berish uchun foydalanuvchidan pul talab qilinadi. O’tmishda bunday hujumlar AQShning Atlanta, Baltimor va Albani shaharlarida qayd etilgan.

BMTning kompyuter tizimlari ham shunday virusga duch kelishi, xakerlar video fayllar va transkriptlarni o’g’irlashi mumkin.

“O’g’irlangan videoni dezinformatsiya maqsadida qo’llash, montaj qilish, siyosiy maqsadlar yo’lida undan foydalanish hollariga ham e’tibor qaratish kerak. BMT kun tartibidagi mavzular xilma-xil ekan, dezinformatsiya darajasi oshishini kutsa bo’ladi”, - deydi kiberxavfsizlik bo’yicha mutaxassis Siobxan Gorman.

Xo’sh, kimlar bunday hujumlarni uyushtirishi mumkin?

Evan Kolman deydiki, BMTni sabotaj qilishga “Islomiy davlat” yoki al-Qoida kabi guruhlar emas, balki muayyan davlatlar yoki ular homiyligidagi guruhlar harakat qilishi mumkin. Ularning maqsadi, deydi u, maxfiy ma’lumotlarni qo’lga kiritib, BMT faoliyati doirasida ustunlikni qo’lga kiritish, voqealar rivojiga ta’sir qilishdir.

Brendan Varmaning aytishicha, BMT Bosh Assambleyasi majlislari kelasi yili virtual yoki qarorgohda o’tishi pandemiyaga, shuningdek, texnologiya qanday rivojlanishiga bog’liq.

“BMT va dunyo xalqlari ehtiyojidan kelib chiqib, qarorlar qabul qilamiz”, - deydi u.

Hozir esa e’tibor bu yilgi sessiya xavfsizligini ta’minlashda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG