Neftga boy Kirkuk shahri tevaradiga Iroq va kurd kuchlari to'planib borar ekan, AQSh tomonlarni bosiqlikka undamoqda. Kurd rasmiylari esa Iroq armiyasini avtonom hududni bosib olishga tayyorlanayotganlikda ayblamoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattisning aytishicha, Vashington vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va tomonlardan o'zaro ziddiyatga kirishmasdan, e'tiborni "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga qaratishni so'ramoqda.
"Bir-birimizga qarshi bora olmaymiz, - dedi Mattis. - Buni otishma bo'ladigan darajaga olib bormasligimiz kerak".
Uning qo'shimcha qilishicha, Iroq armiyasida ham, kurd kuchlarida ham AQSh askarlari bor va ular ehtimoliy ixtilofning oldini olish uchun harakat qilmoqda.
"Provokatsiya" harakati
Kurd rasmiylarining aytishicha, Iroq armiyasi, xususan, shia jangchi guruhlari Kirkuk tevaragiga to'planmoqda.
"Bu harakat noodatiy va provakatsiyaga undaydi", - deydi Kurdiston hukumati vakili Bayan Sami Abdul Rahmon.
Uning aytishicha, kuchlarni shahar yaqiniga olib kelishning hojati yo'q, chunki bu yerda IShID kuchlari mavjud emas.
"Agar o'zlari qanaqadir jang keltirib chiqarishni istamasa, bu yerda urushadigan hech kim yo'q", - deya qo'shimcha qildi u.
Ayni paytda Iroq rasmiylari Kirkukka hujum qilish niyatlari yo'qligini aytmoqda. Shunchaki, hudud ustidan nazoratga ega ekanimizni ko'rsatib qo'ymoqchimiz, deydi ular.
"Fuqarolarimizga qarshi hech qayerda urush bo'lmaydi", - dedi Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy "Twitter" orqali murojaatida.
Iroq maxsus kuchlari qo'mondoni mayor Assad al-Assadiy ham hech qanday janglar bo'lmasligini aytdi.
Kurd askarlari ham harakatda
Ehtimoliy to'qnashuvlarning oldini olish uchun Kurd rasmiylari askarlarni shahar janubiga ko'chirgan. Shuningdek, hududga qo'shimcha 6000 harbiy jo'natilgan. Bu yerda allaqachon o'n minglab peshmerga kuchlari joylashgan.
"Ayrim oddiy fuqarolar ko'chalarda qurollarini ko'tarib yuribdi. Odamlar xavotirda", - deydi mahalliy jurnalist Dara Said.
Peshmerga rasmiylarining aytishicha, agar Iroq armiyasi hujum qilsa, ular shaharni himoya qilishga tayyor.
Iroq va peshmerga kuchlari "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlarda ittifoqchi sifatida qatnashib keladi. AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Bag'dod va Irbil o'rtasidagi ziddiyat terrorga qarshi kurashga salbiy ta'sir qilishidan xavotirda.
Facebook Forum