Breaking News

AQSh Kurdistondagi referendum natijasini tan olmaydi


Rossiya va Turkiya prezidentlari Suriyada fuqarolik urushiga chek qo'yish uchun maxsus "deeskalatsiya zonalari" yaratishga kelishib oldi. Idlib viloyatini ham o'z ichiga olgan bu hududlarda hukumat va isyonchilar olti oy davomida olishuvni bas qilishi, havo hujumlari to'xtashi kutilmoqda.

Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdog'anning Anqarada o'tgan muloqotida Suriya va Iroqdagi vaziyat markaziy o'rin egalladi. Suriyada qarama-qarshi tomonlarni quvvatlagan ikki davlat endi yaqindan hamkorlik qilmoqda.

"Terroristlarni yo'q qilib, Suriyada qardoshlik urushini tugatish uchun, xalq tinch hayotga qaytishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Bu nafaqat suriyaliklar, balki butun mintaqa va dunyo uchun muhim. Qochqinlar uyiga qaytishi uchun zamin yaratyapmiz", - dedi Putin.

Kelishuv tinchlik jarayonini boshlab beradi, olti yillik urushni tugatadi, degan umid bor. Ammo Anqarada imzolangan bu hujjat majburiy kuchga ega emas.

Rossiya va Turkiya rahbarlari Kurdiston o'tkazgan mustaqillik referendumini ham muhokama qildi. Tadbirni "katta xato" deb atagan Erdog'an fikricha, dunyo hamjamiyati Iroqda hududiy yaxlitlik va siyosiy birdamlikni qo'llab-quvvatlashi kerak.

Anqara 30 yildan buyon o'z hududida kurd ayirmachilar bilan kurashib keladi va Iroq shimolida o'tgan referendum bo'lginchi guruhlarni yanada ruhlantirishidan cho'chiydi. Turkiya Kurdiston muxtoriyatiga qarshi iqtisodiy sanksiya qo'yishi mumkin.

Rossiya esa Iroq yaxlit davlat bo'lib qolishi tarafdori. Ammo Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Moskva kurd manfaatlarini ham hurmat qiladi va ularni Iroq hukumati bilan muloqotga chaqiradi.

Kurdlarga bosim

25-sentabr kungi referendumda kurdlarning 92 foizi mustaqillik uchun ovoz berdi. Bunga javoban Bag'dod Kurdistonga kirish-chiqish parvozlarini to'xtatib qo'ygan. Markaziy hukumat referendum natijasini bekor qilishni talab qilmoqda.

Gumanitar tashkilotlarga ko'ra, parvozlarga taqiq millionlab qochqinlar hayotini qiyinlashtiradi. Taqiq kuchga kirishi oldidan o'nlab chet elliklar Kurdistonni tark etgani xabar qilinmoqda.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy deydiki, maqsad kurd xalqini azoblash, qamal qilish, oziq-ovqat ta'minotini uzish emas. Irbil aeroportidan harbiy, gumanitar va diplomatik parvozlar davom etadi.

AQSh munosabati

Kurd rahbariyatini referedumni bekor qilishga undagan Qo'shma Shtatlar natijani tan olmasligini bildirdi. Vashington "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurash birlamchi vazifa bo'lishi lozim, deb keladi.

"Referendum bir tomonlama qaror bo'lib, qonuniy asosga ega emas. Birdam, federal, demokratik Iroq tarafdorimiz. Barcha tomonlarni bosiqlikka, o'zaro ayblovlarni va kuch ishlatish haqidagi tahdidlarni bas qilishga chaqiramiz", - deyiladi Davlat departamenti chiqargan bayonotda.

Kurd hukumati, deyiladi unda, konstitutsiyada belgilanganidek markaziy hukumat roli va vakolatlarini tan olishi lozim.

Qator ekspertlar va sobiq elchilar fikricha, Tramp ma'muriyati referendumga qarshi chiqib, xatoga yo'l qo'ydi. Senator Chak Shumer va kongressmen Trent Franks ham tanqidlarga jo'r bo'lishdi.

"Kurdlar iloji boricha tezroq o'z davlatiga ega bo'lishi kerak. Bunga erishishda biz ularga madad ko'rsataylik", - deydi AQSh Senatida demokratlar sardori Shumer.

AQShning Iroq va Afg'onistondagi sobiq elchisi Rayan Kroker hamda Bag'dodda elchilik qilgan yana bir arbob Zalmay Halilzodning ogohlantirishicha, AQSh kurdlarga bosim o'tkazishi Kurdistonga beqarorlik olib keladi, Iroqda Eron nazoratidagi jangarilarni ruhlantirishga xizmat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG