Breaking News

Kurdiston Iroqdan ajralib chiqish uchun referendum o'tkazadi


Iroq Kurdistoni mustaqillik bo'yicha referendum rejalayotgani "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashga pand beradi, deydi Bret Makgurk, AQShning xalqaro koalitsiyadagi vakili. AQSh, BMT va Britaniya muqobil reja taklif etmoqda.

"Kurd rahbariyatini davomiy muloqot yo'lidan borishga undaymiz. Mintaqa va Iroq hukumati oldidagi ko'plab muammolarni muzokara orqali hal qilsa bo'ladi", - dedi Kurdiston poytaxti Irbilda so'zlagan AQSh rasmiysi.

25-sentabrga belgilangan referendumda besh milliondan oshiq kurdlar Iroqdan ajralib chiqish uchun ovoz berishi kutilyapti. Bag'dod nazarida bu konstitutsiyaga zid va mamlakat yaxlitligini saqlab qolish uchun choralar ko'riladi.

Ziddiyatlar oshib borar ekan, Iroq parlamenti neftga boy Kirkuk shahri hokimini ishdan olishga ovoz berdi. Ham markaziy hukumat, ham Kurdiston da'vo qiluvchi neftga boy bu shahar ham referendumda qatnashadi. "Ularning qarori hech narsani o'zgartirmaydi", deydi hokim Najim al-Din Karim.

AQSh ta'biricha referendum Iroq tinchligi uchun xizmat qilmaydi va "Islomiy davlat" ekstremistlariga qarshi kurashni chigallashtiradi.

BMT, Britaniya va AQSh diplomatlari 14-sentabr kuni Kurdiston Prezidenti Masud Barzani bilan uchrashib, unga muqobil rejani taklif etgan. U nimadan iborat ekani noma'lum. Barzani idorasi referendumni qoldirish bo'yicha bir qarorga kelmagan.

G'arbning deyarli barcha davlatlari Kurdiston Iroq tarkibidan ajralib chiqishiga qarshi. Referendum, deydi hukumatlar, Iroq hamda kurd aholiga ega Turkiya va Eron o'rtasida nizoga olib kelishi mumkin. Bu esa "Islomiy davlat"ga qarshi kurashdan chalg'itadi.

Jangari guruh o'tgan oylar ichida Iroqda katta hududlarni boy berdi. Yaqinda Iroq armiyasi AQSh yordamida Tal Afar shahrida bir guruh jangarilarni yo'q qildi. Endi Kirkukni ozod etish uchun amaliyotlar boshlanmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis o'tgan oy Iroqqa safari chog'ida kurd rahbariyati va Bag'dodni barcha kelishmovchiliklarni kelishib hal qilishga undadi. "DAIShga bosim susaymasligi kerak", deya tayinladi vazir.

Peshmerga nomi bilan tanilgan kurd jangchilari ekstremistlarga qarshi kurashda G'arbning ishonchli ittifoqchisi. AQSh rasmiylariga ko'ra, aynan peshmerga va Iroq harbiylari o'rtasidagi hamkorlik tufayli bugun Mosul shahri ozod. Kurdlar mustaqillikka intilayotgani muxtoriyat va markaziy hukumat o'rtasida urushga olib kelishi mumkin, ayniqsa bahsli hududlar ustida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG