Breaking News

BMT Xavfsizlik Kengashi Boing qulagan joyda otishmani to'xtatishga chaqirdi


Ukraina sharqidagi isyonchilar Malayziya Havo Yo'llari vakiliga urib tushirilgan Boing samolyotidan topilgan qora qutini topshirmoqda, Donetsk, 22-iyul, 2014-yil
Ukraina sharqidagi isyonchilar Malayziya Havo Yo'llari vakiliga urib tushirilgan Boing samolyotidan topilgan qora qutini topshirmoqda, Donetsk, 22-iyul, 2014-yil

Dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi bir ovozdan rezolyutsiya qabul qilib, Ukrainada Malayziyaga qarashli yo'lovchi samolyotning urib tushirilganini qoraladi va mamlakat sharqidagi isyonchilardan fojia ro'y bergan joyda tergovchilar ishiga halaqit bermaslikni talab qildi.

Samolyotdagi barcha 298 odam halok bo'lgan.

Ukraina, AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylariga ko'ra, samolyot yerdan raketa bilan urib tushirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligining xulosasiga ko'ra, Boing-777 ning yonida falokatdan oldin Ukrainaga qarashli Su-25 qiruvchi samolyoti uchgan.

Prezident Barak Obama Kremlni Ukrainadagi isyonchilardan tergovga halaqit bermaslikni, dalillarga tegmaslikni so'rashga chaqirdi.

Bugun qurbonlarning jasadlari joylashgan poyezd Torez shahridan Xarkovga jo'natildi, so'ng esa Niderlandiyaga yuboriladi. Bu mamlakat fojiada 189 fuqarosini yo'qotgan.

Isyonchilar Malayziya Havo Yo'llari vakiliga samolyotning qora qutisini bugun Donetsk shahrida topshirdi. Unda parvozga doir ma'lumot va pilot kabinasidagi muloqot yozilgan.

Britaniya bosh vaziri Deyvid Kameron Yevropa davlatlarini Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirmoqda. Ma'lum bo'lishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyani yuqori texnologiyali mahsulotlar bilan ta'minlashga chek qo'yishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG