Bu hafta Xo'jandda "Bi-Bi-Si" O'zbek xizmati muxbiri O'rinboy Usmonovning sudi boshlandi.
15 avgustdan beri o'tayotgan jarayon adolatli yakunlanishiga ishonch past. Jurnalist ekstremist guruhlar, jumladanб "Hizb-ut-Tahrir" bilan aloqa qilganlikda ayblanmoqda.
Usmonovning advokati Fayziniso Voxidovaning aytishicha, aybdor deb topilsa, viloyat sudi uni besh yilgacha ozodlikdan mahrum etishi mumkin.
Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni Himoya qiluvchi xalqaro qo'mita muxbirga qarshi ochilgan ishni qoralab, ayblarni safsata deya baholaydi.
"Jurnalistika muxbirdan barcha tomonlar bilan aloqaga kirishni, xususan, hukumatga muxolif guruhlar bilan gaplashishni ham talab qiladi. Bu kasbiy majburiyat", - deydi Robert Maxoni, xalqaro qo'mita raisi.
O'rinboy Usmonov iyun oyida hibsga olinganida, dastlab unga ekstremist guruhga a'zolik aybi qo'yilgan edi.
Lekin tergovchilar buni isbotlay olmay, keyinchalik jurnalistni "Hizb-ut-Tahrir" haqidagi ma'lumotlarni xavfsizlik kuchlaridan yashirganlikda, ularni boxabar qilmaganlikda aybladi. Oradan bir oycha o'tib, O'rinboy Usmonov xalqaro bosim ostida hibsdan ozod etildi.
Sud boshlanar ekan, prokuratura muxbirga nisbatan ayblovlarni yana o'zgartirgan. Advokatining izohicha, jurnalist endi "Bi-Bi-Si" da efirga ketgan lavhalarida mutaassib guruh va uning g'oyalarini targ'ib qilganlikda ayblanmoqda.
Prokuratura sudga murojaatida, Usmonov man etilgan guruh, ya'ni 'Hizb-ut-Tahrir" a'zolari bilan uchrashgan va ularga taalluqli ma'lumotni shaxsiy kompyutetida saqlagan deb aytgan.
10 yildan oshiq davr mobaynida fundamentalizm va terrorga qarshi kurashni yoritib kelayotgan jurnalist bu guruhlar haqida axborot to'plagani tabiiy hol, deydi advokat. Informatsiya yig'ish uchun ular bilan gaplashish kerak.
Usmonov unga qo'yilgan va qo'yilayotgan barcha ayblovlarni rad etadi.
"Bi-Bi-Si" o'z muxbirini professional jurnalist deb atab, uni har jihatdan qo'llab-quvvatlashini bildirib keladi.
Usmonov qatorida yana to'rt fuqaro ham sudlanmoqda. Ularga "Hizb-ut-Tahrir" ga a'zolik ayblari qo'yilgan. Advokat Voxidovaning aytishicha, bu fuqarolardan biri sudda, Usmonov bilan aynan jurnalistligi uchun uchrashganini tan olgan.