Prezident Barak Obama Afg'oniston va Pokistondagi strategiya samarasi xususida xalqqa hisobot berdi.
Bugunga kelib Al-Qoida zaiflashgan, guruhning Pokistondagi makonlari torayib bormoqda. Ammo Al-Qoida hamon G'arbga qarshi xurujlar uyushtirish salohiyatiga ega, deydi prezident.
Tolibon chekinmoqda, biroq xavfsizlik hamon muammo. Pokiston bilan hamkorlik hali-beri samara bermayapti. Chegara hududlarida qo'nim topgan jangarilarni yo'q qilish uchun AQSh havo hujumlariga zo'r bermoqda. Lekin amerikaliklarning 60 foizi urushga qarshi.
Barak Obamaning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar al-Qoida va Tolibonga qattiq zarba berib, ularni zir titratmoqda. Amerikalik askarlar, va’da qilinganidek, kelasi yil yozdan vatanga qayta boshlaydi. Lekin urushda oson narsaning o’zi yo’q, deydi prezident.
Bundan bir yil oldin Obama Afg’onistondagi qo’shin sonini 30 mingga oshirishga qaror qilgan edi. Mazkur strategiya samarasi sarhisob qilinmoqda. Maqsad, deydi davlat rahbari, Afg’oniston tinchligiga raxna solayotgan har bir tahdidni yo’qotish yoki bu jamiyatini isloh qilish emas. Balki bundan qariyb 10 yil oldin bu mamlakatga hujum uyushtirgan al-Qoidani yo’q qilish.
“Bu maqsadga erishamiz”, - deydi Barak Obama.
2010 yil xalqaro koalitsiya uchun og’ir kelgani, harbiylar va mahalliy aholi orasida talofat ko’lami oshib borayotgani sir emas. NATO zobitlari qurol-yarog’ va strategiya jihatdan qanchalik puxta bo’lmasin, dushman shafqatsiz va har qanday sharoitga moslasha oladi.
Oq uy hisobotiga ko’ra, al-Qoida rahbariyati hamon Pokistonda. AQSh ularga bosimni oshirish va qo’lga olish uchun bu davlat bilan yaqinroq hamkorlik qilishni istaydi. Biroq rasmiy Islomobod shijoat ko’rsatmayapti.
Jang maydonidan kelayotgan xabarlar shundan dalolatki, Hilmand va Qandahorda jangarilar oxirigacha kurashishga bel bog’lagan. So’nggi payt shimol, Qunduz viloyati ham notinch.
Lekin Oq uy Xavfsizlik Kengashining xulosasiga ko’ra, ayni paytda urush strategiyasini o’zgartirishga hojat yo’q. NATO davlatlari kelishib olganidek, afg’onlar 2014 yilda xavfsizlikni o’z zimmasiga olishi kerak. Kelasi to’rt yilda mahalliy armiya va politsiya malakasini oshirishga zo’r beriladi.
Afg’onistonda hozir 140 ming sonli qo’shin jang qilmoqda. Taxminan 100 mingi amerikalik.
Kelasi yil yozda ulardan qanchasi vatanga qaytadi degan savolga hozircha javob yo’q. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts “mahalliy sharoitga qarab ish tutamiz”, deydi.
Afg’onistondagi urush Amerika shu kungacha yuzlashgan eng murakkab jumboqlardan biri. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, fuqarolarning 60 foizi unga qarshi. O’tgan yili bu raqam 44 foiz edi.
Davlat kotibasi Xillari Klinton “xalq fikrini tushunamiz, lekin gap davlat xavfsizligi haqida ketmoqda”, deydi. “Hayot-mamotga doir qarorlar so’rov bilan belgilanmaydi”, - deya qo’shadi u.
Ayrim tahlilchilar, jumladan harbiy mutaxassislar Afg’onistonga doir hisobot xulosalarini savolga tutmoqda.
“Obama ma’muriyati Afg’oniston va Pokistondagi manzarani ijobiy qilib ko’rsatishga urinmoqda, razvedka ma’lumotlarida shuning aksi” - deydi ular.
Rasmiylarning javobi: O’tgan bir yilgi vaziyat bilan qiyoslab, real baho bering.