Breaking News

Obama: Mulla Mansur Afg'onistonga tinchlik tilagan emas


Afg'on matbuotida Mulla Axtar Mansur haqida xabarlar
Afg'on matbuotida Mulla Axtar Mansur haqida xabarlar

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Tolibon rahbari Mulla Axtar Mansurning o'limi bilan Amerika askarlari va koalitsiyaga zarbalar berib kelgan to'daning boshi uzildi.

Obama Vyetnamda so'zlar ekan, Tolibon yetakchisi Afg'oniston hukumatining tinchlik haqidagi tashabbuslarini qayta-qayta rad etib keldi, dedi. Son-sanoqsiz afg'on ayollari, erkaklari va bolalarning hayotini olib ketgan zo'ravonliklarni to'xtataylik, degan taklifga ko'nmadi u.

Amerika prezidenti toliblarni rasmiy Kobulning gapiga kirishga, tinchlik va farovonlikka bosh qo'shishga undamoqda.

Afg'oniston maxfiy xizmati Mansur Pokiston bilan chegarada Amerikaning havo zarbasida nobud bo'lganini tasdiqlagan.

Pokiston AQShning dron amaliyoti haqida oldindan ogohlantirilgan, shunga qaramasdan, Vashingtonni o'zga davlat suverenitetini buzganlikda ayblab tanqid qilayapti.

Tolibon vakillari ismini oshkor etmagan holda Mansur haqiqatda o'lganini tasdiqlayapti. Biroq rasman bu haqda Rahbari Sho'roning majlisidan so'ng e'lon qilinadi, deya bildiradi jangarilar.

Amerika rasmiylarining aytishicha, hamlani Prezident Barak Obama buyurgan. Bir necha dron bir paytning o'zida Balujiston viloyatida jangarilarning avtomobillar karvoniga o'q yog'dirgan.

AQSh dronlari shu tariqa Pokistonning ichkarisida, Balujiston viloyatida ilk bor zarbalarni amalga oshirdi. Avvalroq pilotsiz samolyotlar Afg'oniston bilan chegaraga yaqin qabilaviy hududlardagina parvoz qilib kelayotgan edi.

Mansurning o'limi toliblar uchun katta yo'qotish. Jangarilar 2015-yilning iyulidan beri ichdan tarqoq, yemirilib bormoqda. O'shanba avvalgi rahbar va Tolibon asoschisi Mulla Umar ikki yil oldin o'lgani haqida xabarlar tarqalib, jangarilarni junbushga keltirgan edi.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi toliblarni terrorchilar ro'yxatiga kiritmagan. Siyosat shuki, koalitsiya jangarilarni agar ular al-Qoida yoki "Islomiy davlat" guruhlariga aloqador bo'lsa yoki NATO kuchlariga tahdid solsa, nishonga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG