Breaking News

Obama Afg’oniston urushini qanday yakunlamoqchi?


Hozirning o’zida amerikalik 100 ming harbiy Afg’onistonda xizmatni o’tmoqda
Hozirning o’zida amerikalik 100 ming harbiy Afg’onistonda xizmatni o’tmoqda

Prezident Barak Obama bugun kech soat sakkizda xalqqa murojaatida Afg’onistondan qancha askarni, qanchalik tez olib chiqish rejasini bayon qildi.

Yil oxirigacha 10 ming zobit vatanga qaytadi.

Hozirning o’zida 100 ming amerikalik Afg’onistonda.

Mudofaa rasmiylari taxminiga qaraganda, urushga qarshi kayfiyat kuchayar ekan, yozda 5 ming, yil oxiriga borib yana 5 ming askarni olib chiqadi.

Lekin Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni ortiqcha faraz va gumonga berilmaslikka undaydi.

“Obama ko’zlagan maqsad – vaziyatni o’zgartirish, al-Qoida va Tolibonga qarshi jangda ustunlikni qo’lga kiritish, Afg’oniston terrorchilar makoni degan tamg’adan qutulishiga yordam berish edi. Amerika yetakchiligida koalitsiya bunga erishmoqda”, - deydi u.

Prezident Obama 2009 yil dekabrda qilgan nutqida Afg’oniston strategiyasini xalqqa havola etgan, 2011 yil yozida qo’shinlar uyga yo’l ola boshlaydi degan edi.

AQSh rahbari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
AQSh rahbari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Amerika rasmiylari, jumladan, Mudofaa vaziri Robert Geyts ham, prezident ham vatandagi kayfiyatni, Afg’onistondagi sharoitni birday hisobga olish kerak, deb keladi.

Jangarilar hali ham faolmi? Afg’oniston hukumati ularga bas kela oladimi? Mana shular Obama qarorida muhim rol o’ynaydi.

NATO kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondini, tez orada AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasini qo’lga oladigan general Deyvid Petreus vaziyatni qaltis, beqaror deya ta’riflaydi.

Vazir Geyts erishilgan yutuqlardan mamnun, lekin qo’shinlar shoshilinch tarzda ketsa, uningcha, hammasi puchga chiqadi.

Pentagon rahbari avval yordamchi qo’shinlar, keyin esa jangovar bo’limlar uyga qaytsin, deydi.

Obama Afg’oniston urushini qanday yakunlamoqchi?
Obama Afg’oniston urushini qanday yakunlamoqchi?

Tahlilchiyu ekspertlar nima deydi?

Sobiq diplomat, Afg’onistonda xizmat qilib, urushga qarshi ekani bois ishdan bo’shagan Metyu Xo fikricha, ahvol yildan-yilga og’irlashib bormoqda.

“Urushni qaytaga tezlatdik. Askarlar soni, mablag’ni uch karra oshirib, soxta saylovlarni qo’llab-quvvatladik. Jangarilar safi ham mos ravishda kengayib, butun mamlakat bo’ylab tarqaldi. Ikki-uch yil oldin janglar faqat sharq va janubda kechar edi, hozir unaqa emas. Oldin belgacha, hozir esa bo’yingacha botganmiz bu botqoqqa”, - deydi sobiq diplomat Metyu Xo.

Tahlilchi Endryu Vaylder nazarida Obama Afg’onistondagi maqsadlarga aniqlik kiritishi lozim.

Urush boshidan 10 yil o’tib, “al-Qoida”ni yengib, Tolibonni hokimiyatdan ag’darish vazifasi dolzarbligini yo’qotgan, deydi u.

“Davlatchilikni tiklash, taraqqiyotni ta’minlash kabi maqsadlar tilga olindi. Lekin ko’zlangan maqsadlar ro’yxatida yo’q edi bular. Hozir Afg’onistonda qolishdan naf nima? Shunga javob bersin Obama va shu yo’lda harakat qilaylik”, - deya tavsiya qiladi Vaylder.

Obama Afg’oniston urushini qanday yakunlamoqchi?
Obama Afg’oniston urushini qanday yakunlamoqchi?

Qo’shma Shtatlar afg’on armiyasi va politsiyasini o’qitib, mas’uliyatni o’zidan soqit qilmoqchi.

Afg’onistonning AQShdagi sobiq elchisi Said Javad armiya kuchga to’lib borayotganini aytadi. Lekin politsiya hali ham zaif.

Gap faqat politsiyada emas, balki hukumatda ham, deydi Said Javad. Karzay ma’muriyati ichki xavfsizlik xodimlarini u qadar ahamiyatli deb bilmaydi.

AQSh qurolli kuchlari safi siyraklashar ekan, jangarilar bilan murosaga, siyosiy yechimga e’tibor oshishi kutilmoqda.

Deyvid Petreus va Robert Geyts Afg'onistondan chiqishdan shoshmagan ma'qul, deydi
Deyvid Petreus va Robert Geyts Afg'onistondan chiqishdan shoshmagan ma'qul, deydi

Muzokara uchi chiqqan ham, lekin Tolibon hali bo’yin berganicha yo’q.

“Toliblar hokimiyat uchun kurashmoqda. Demak, muzokara kun tartibida davlatni birga boshqarish masalasi bor. Afg’oniston janubida Tolibon siquvda, lekin boshqa viloyatlarda ular erkin yuribdi. Ular mag’lub bo’lamiz deb o’ylamaydi. Murosaga ko’nishi ham mushkul”, - deydi sobiq elchi Javad.

“Lekin sulh to’liq kuchga kirishi uchun uni nafaqat ikki tomon, balki jangda ter to’kkan xalqaro hamjamiyat ham yoqlashi zarur”, - deb hisoblaydi tahlilchi Endryu Vaylder.

AQShda bu urushga qarshi kayfiyat kuchli, demokrat senator Jo Manchin bu urush tinkani, cho’ntakni quritdi, deydi.

“Prezident bir savolga javob bersin. Biz Amerikani oyoqqa turg’azamizmi yoki Afg’onistonni?” - deya so’raydi qonunchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG