Tolibon harakati AQSh qo’shinlariga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqchi. Prezident Obamaning Afg’onistonda askarlar sonini kamaytirmaslik qarorini jangarilar “mantiqsiz” deya qoralamoqda.
Tolibon Amerikaning harbiy strategiyasidagi o’zgarishlarga shu tariqa munosabat bildirdi. Hozir Afg’onistonda 10 mingga yaqin amerikalik askar xizmatda. Prezident Obamaning ta’kidlashicha, 2016-yilda bu son o’zgarmaydi va 2017-yilga borib qo’shin soni 5500 ga kamayadi.
"Missiyamiz o’zgarmaydi. Afg’onistonda tor doiradagi ikki vazifani belgilaganmiz: mahalliy armiyani treningdan o’tkazish hamda al-Qoida u yerda in qo’ymasligini ta’minlash. Afg’onistondan chiqib ketishga shoshmasdan mashqlarni izchillik bilan davom ettirish lozim. Mahalliy kuchlar oyoqqa turib olishi kerak”, - deydi Obama.
Avvalgi rejaga ko’ra, Afg’onistonda 2016-yilning oxiriga borib atigi ming askar qolishi kerak edi. Kobuldagi elchixonani qo’riqlash uchun.
Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid “Amerika Ovozi”ga yo’llagan bayonotda AQSh harbiylari Afg’onistonni hali-beri tark etmasligi avvaldan ayon edi, deyiladi. Afg’oniston va Amerika xalqini aldash uchun shu paytgacha soxta va’dalar berib kelishdi, deydi Mujohid.
Afg’oniston parlamenti a’zosi Shukriya Barakzay AQSh qarorini olqishlamoqda.
“Afg’onlar ham, amerikaliklar ham shuni tushunishi kerakki, Prezident Obama bu qarorni osongina qabul qilgani yo’q. Amerika qo’shinlari va yordami Afg’oniston uchun zarur. Umid qilamanki, aholi orasida talafotlar kamayadi, Afg’oniston qurolli kuchlari va AQSh o’rtasida hamkorlik kuchayadi”, - deydi qonunchi.
Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani uning mamlakati uchun eng ma’qul yo’l tanlanganini aytmoqda. Bu qaror ketidan Amerika bilan ittifoqchilik rishtalari yanada mustahkamlandi, deydi prezident.
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, afg’on armiyasi bilan mashqlar va kontr-terroristik amaliyotlar har kungi vazifalar sirasiga kiradi. Bugungacha qo’lga kiritilgan yutuqlarni boy bermaymiz, deydi u.
Amerika qo’shinlari Kobul, Bag’ram, Qandahor va Jaloloboddagi bazalarda joylashadi.