Breaking News

Afg'onistonliklar AQSh haqida qanday fikrda?


Tolibon Afg'oniston shimolida, Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh kamida ikki viloyatda yangi hujumlar boshlagan.

Badaxshon viloyati gubernatori o'rinbosari Gul Muhammad Baydar toliblar Xash tumaniga hujum uyushtirganini, ammo xuruj hukumat kuchlari tomonidan qaytarilganini aytdi. Bir necha soat davom etgan amaliyotda o'nlab jangarilar o'ldi, dedi viloyat rasmiysi.

Tolibon esa tuman markazigacha kirib borganini hamda hukumat askarlari og'ir yo'qotishlarga uchraganini da'vo qilmoqda.

Qunduz viloyatining Qal'ai Zal tumani ham Tolibon hujumiga uchragan.

Bu orada Amerika askarlari va xalqaro kuchlar Afg’onistonda 2020-yilgacha qoladigan bo'ldi.

2001-yil 11-sentabr voqealari ketidan AQSh boshchiligidagi koalitsiya Tolibonni hokimiyatdan ag’darib, yangi hukumat tuzgach, xalqaro hamjamiyat yangi hokimiyatni har tomonlama quvvatlab kelmoqda.

Aholi orasida G’arb yordamidan minnatdor odamlar ham bor, norozilar ham ko’p.

Ba’zilar nazarida Amerika bergan va’dalarida turmadi. Boshqalar esa bugungi muammolarda afg’onlarning o’zini ayblaydi, xususan, davlat tepasidagilarni. Milliardlab dollar mablag’ Afg’onistonni obodonlashtirishga sarflanmadi, balki muayyan guruhlar cho’ntagiga ketdi, degan qarash keng tarqalgan. Amaldorlarning o’zidan ham shunday gaplarni eshitasiz.

“Amerika ikki maqsadni ilgari so’rayotgan bo’lishi mumkin. Birinchisi, afg’on xalqiga yordam berish. Ikkinchichi, o’zlarining uzoq muddatli rejalarini amalga oshirish. Lekin hammasidan muhimi shuki, biz bu madaddan qay tarzda foydalanamiz? Biz yordamni xavfsizlik, maorif, iqtisod sohalarida o’rinli sarflasak yaxshi bo’lardi”, - deydi jamoatchi faol Sayid Rasul Sodot.

Ba’zi afg’onlar nazarida, Afg’onistondagi beqarorlik Amerikani bu mamlakatda uzoqroq qolishga majburladi.

“Amerika hozirgacha vujudga kelgan demokratiyani boy bermoqchi emas. Boshqa tomondan agar Amerika Afg’onistonni tark etsa, isyonchi guruhlar yana kuchliroq bo’lishi mumkin edi. AQSh bunga befarq qololmaydi. Olti oy-bir yil oldin Afg’oniston juda beqaror edi. Isyonchi guruhlar katta tahdid sanalar edi. Iqtisodi zaif mamlakat armiyasining terrorchilarni yo’q qilishga kuchi yetmaydi, ularga bas kela olmaydi. Shuning uchun imzolangan Amerika-Afg’oniston xavfsizlik bitimi asosida AQSh Afg’onistonni himoya qilishi zarur edi”,- deydi mahalliy faollardan biri Bashir Furug’.

U kabi afg’onlar fikricha, Afg’oniston Amerika yordami bilan ulkan yutuqlarga erishdi. Buni hech kim rad eta olmaydi.


Lekin Afg’onistondagi barcha mojarolar ortida Amerika turibdi, deydiganlar ham ko’p. Ko’mak va va’dalar orqali xalq aldanmoqda, deydi bunday tanqidchilar.

“Amerika afg’on xalqiga xavfsizlikni ta’minlashda va’da bergan edi. Lekin necha yillar o’tib hanuz xavfsizlik ta’minlanmadi. Amerika xavfsizlikni ta’minlay olmaydimi, toliblarga kuchi yetmaydimi? O’ylaymanki, Amerikaning maqsadi Afg’oniston emas”,- deydi Zaynullo ismli fuqaro.

Bu afg'onning xavotiri shuki, AQSh mintaqada hukmdorlik qilmoqchi. Amerika rasmiylari esa, tabiiyki, bunday qarashlarni qat'iyan rad etadi.

Amerika Afg’nistonda doimiy qoladi, degan taxmin ham kuchli.

“Amerika Afg’onistondan foydalanib, Rossiyani bosib olish ilinjida. Afg’onistonni bugungi vaziyatdan qutqazish niyatida emas. Amerika 15 yildan beri Afg’onsitonda. Ma’lumotlar shuni bildiradiki, undan oldin ham AQShning Afg’onistonga kelish siyosati mavjud bo’lgan. Amerika va’dalariga amal qilmayapti”,- deydi Habibullo ismli yigit.

AQSh prezidenti Barak Obama esa vaziyat yaxshilangani sari qo’shinlar bu zaminni tark etadi, deb keladi. Uning davrida harbiylar soni bir necha baravarga kamaydi, hozirda 10 mingdan kam.

XS
SM
MD
LG