Breaking News

Huquq tashkiloti: AQSh askar bolalardan foydalanuvchi davlatlarga yordamni to'xtatsin


“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti Prezident Barak Obama ma’muriyatidan urush zonalarida bolalardan foydalanuvchi davlatlarni jazolashga chaqirdi. Vashington bunday davlatlarga harbiy yordam berishni bas qilsin, deyiladi bayonotda.

Bu haqda tashkilotning navbatdagi chaqirig’i AQSh Davlat departamenti odam savdosiga oid yillik hisobotini e’lon qilishi ortidan yangradi. Davlat departamenti hisobotiga bolalardan harbiy jabhada foydalanuvchi mamlakatlar ro’yxati ham ilova qilingan.

“Ro’yxatdagi davlatlarning ko’pi bolalardan askar sifatida foydalanishni davom ettirayotganiga qaramay AQShdan harbiy ko’mak oladi. Prezident Obama bolalarni askarlikka jalb qiluvchi mamlakatlarga harbiy ko’mak berilmasligini ta'minlashi kerak”, - dedi “Human Rights Watch” tashkilotining bolalar huquqlari bo’yicha yetakchi rasmiysi Jo Beker.

Birma, Kongo Demokratik Respublikasi, Iroq, Nigeriya, Ruanda, Somali, Janubiy Sudan, Suriya va Yaman askar bolalardan foydalanadigan davlatlar qatoriga kiritilgan.

Iroq bu ro’yxatga bu yil ilk bor kirgan bo’lsa, Afg’oniston undan chiqarilgan.

“AQSh Tolibonga qarshi kurashda bolalarni yollaydigan afg’on harbiylariga yuzlab million dollar yordam bergan. Afg’oniston ham bu ro’yxatda bo’lishi va harbiy jazo sanksiyalarga tortilishi kerak”, - deydi Beker.

Obama bu davlatlarga nisbatan jazo qo’llash masalasida sentabr oyigacha bir qarorga kelishi kerak.

2008-yil AQSh Kongressi Askar bolalardan foydalanishga yo'l qo'ymaslik haqida qonun qabul qilgan. Unga ko’ra, voyaga yetmaganlarni askarlikka jalb qiladigan davlatlarga harbiy yordam berilmasligi kerak.

Ammo AQSh prezidenti milliy xavfsizlikni sabab qilib, ayrim davlatlardan bu taqiqni ko’tarishi mumkin. Qonun 2010-yil kuchga kirgandan beri voyaga yetmaganlardan harbiy maqsadlarda foydalanuvchi 33 davlatdan 26 tasi bu qonun talablaridan ozod qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG