Breaking News

AQSh va Xitoy Shimoliy Koreya masalasida yakdilmi?


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan. Pekin, 17-may 2015-yil
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan. Pekin, 17-may 2015-yil

Janubiy Koreyaga tashrifi chog’ida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Xitoy Shimoliy Koreyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritish taklifini qo’llab-quvvatlayotganini aytdi. Ammo ayrim tahlilchilar Pekinning asl niyati boshqacha, deydi.

Pekin va Seul rahbarlari bilan uchrashgach, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Pxenyan va shaxsan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unni yadroviy dasturni davom ettirayotgani hamda Mudofaa vaziri va boshqa yuqori martabali rasmiylarni qatl etgani uchun keskin tanqid qildi.

Kerri Pekin va Vashington yadroviy dasturga chek qo’yish maqsadida Shioliy Koreya bilan olib borilgan muzokaralarning to’xtab qolishidan xavotirda ekanini aytar ekan, Kim Chen Un so’zlashuvlarni davom ettirishi kerak, dedi. U, shuningdek, Vashington va Pekin Pxenyanga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish masalasini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. BMTning Kim Chen Un rejimini Xalqaro jinoiy sudga berish bo’yicha referendumini Pekin qo’llab-quvvatlaydi, dedi AQSh bosh diplomati.

Seuldagi Yonsey universitetidan Shimoliy Koreya va Xitoy bo’yicha mutaxassis Jon Deluri fikricha, Xitoy rahbarlari Kerri xavotirlarini tushunsa-da, Pxenyanga bosimni kuchaytirmasligi mumkin.

“Amerika rasmiysi Pekin nomidan gapirsa, men ishonmayman. Xitoy sanksiyalar joriy etmoqchi, Pxenyanga qarsh jiddiy mexanizmlar qo’llaymiz, qabilidagi gaplar, menimcha, assossiz, chunki buni Xitoy rasmiylari aytmayapti”, - deydi u.

Xitoy Shimoliy Koreyaning asosiy savdo hamkori, havo orqali bu mamlakatga katta miqdorda oziq-ovqat, o’g’it va boshqa mahsulotlar yuboradi. Biroq ular orasida shubhalar ham bo’lgan, ta’na toshlari ham otilgan. 2011-yilda hokimiyatga Kim Chen Un kelganidan buyon aloqalar yanada sovuqlashdi.

Xitoyga tez-tez borib turgan va hamkorlikning susayishiga yo’l qo’ymagan otasi Kim Chen Irdan farqli o’laroq, Kim Chen Un hali Pekinga bormadi. 2013-yilda Pxenyan atom bombasini sinovdan o’tkazganidan keyin Xitoy Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalar kiritish masalasini ma’qullay boshladi.

Koreya universiteti professori Nam Xvan Kay fikricha, aloqalar tarang, ikki davlat bir-biriga dushman emas.

“Xitoy Shimoliy Koreyaning atom qurollari sinovlariga qarshi va BMT sanksiyalarini ma’qullamoqda. Bu esa Shimoliy Koreyaga yoqmayapti. Biroq Pxenyan Xitoyning harbiy va xavfsizlik masalalarida naqadar muhimligini yaxshi tushunadi. Demak, Xitoy Shimoliy Koreyadan yuz o’gira olmaydi”, - deydi u.

Ikki mamlakat 1400 kilometrga teng umumiy chegaraga ega. Pekin Shimoliy Koreyaga qarshi choralar oqibatida bu mamlakat aholisining vatanidan qochib, Xitoydan boshpana so’rashidan xavotirda.

90-yillarda hukumatning samarasiz boshqaruvi tufayli 1 million koreyalik ochlikdan nobud bo’lgan edi. So’nggi yillarda ayrim islohotlar amalga oshirilgach, Shimoliy Koreyada vaziyat biroz yaxshilandi, ammo qashshoqlik ko’lami keng, ocharchilik hollari ham kuzatiladi.

Amerikaning maqsadi, deydi Jon Kerri, Pxenyan yadroviy dasturini to’xtatib, xalqaro hamjamiyat bilan muzokara boshlamaguncha, Shimoliy Koreya rahbariyatini diplomatik yo’llar bilan yakkalab qo’yish va iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirish.

Professor Namga ko’ra esa, Xitoyga bunday keskin choralar ma’qul emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG