AQSh moliya vaziri Stiv Mnuchinga ko’ra, Xitoy mahsulotlariga qo’yiladigan tariflar kamida bir oy ichida oshadi. Qonunchilar savollariga javob berishdan oldin Mnucuhin tariflarning AQSh iqtisodiga ta’siri masalasini ko’rib chiqish Tramp ma’muriyati oldida turgan dolzarb mavzu ekanini aytdi. May oyining boshida Prezident Tramp Xitoy importiga tariflarni yana oshirgan. Xitoy ham AQSh eksportiga javob zarbasini bergan.
“O’ylaymanki, tariflar mamlakatimizga katta kuch beradi. Bilsangiz agar, hamma bizdan, Amerikadan foydalanadi, hatto Xitoy ham”, - deydi AQSh Prezidenti Donald Tramp.
2018-yilda AQSh-Xitoy oldi-berdisi omadli kechgan bo’lsa-da, Tramp nazarida izdan chiqqan. Tariflar esa savdoni muvozanatga keltiradi.
O'tgan yilda Xitoy AQShga 540 milliard dollarga yaqin tovar olib kirgan bo’lsa, AQSh eksporti 120 milliard dollardan ortgan.
Rahbarlar til topisholmaganidan AQSh tariflarni oshirish bilan naf ko’rmoqchi. Xitoy ham qarab turgani yo’q.
Tarif import mahsulotlarga qo’yiladigan soliq, molning tan narxini oshiradi. Xitoyda arzon ishchi kuchi ishlab chiqarishni osonlashtiradi, Amerikadagi kabi qimmatga tushmaydi. Qo’yilgan tarif Xitoy mollari narxini belgilaydi. Xarajat Amerika is’te’molchilari cho’ntagidan ketadi.
Maqsad - AQSh ishlab chiqaruvchilarini Xitoy narxlaridan foydalanib yuzaga chiqarish.
AQSh-Xitoy savdo urushi 2018-yil sentabrida tanglikni yuzaga keltirdi. Prezident Tramp Xitoydan keltirilgan 200 milliardlik tovarga 10 foiz tarif belgilash va agar Xitoy Amerika shartlariga ko’nmasa bundan-da oshirishi bilan po’pisa qilgandi.
Xitoy esa bunga javoban 60 milliard dollarlik AQSh havo yo’llari, avtomobil va qishloq xo’jaligi sanoatiga tariflarni oshirdi.
May boshida Tramp o’z po’pisasiga ko’ra, tariflarni 25 foizga ko’tardi. Qaror Xitoyning besh ming turdan ortiq tovarlariga ta’sir qiladi.
Xitoy ham Amerika mahsulotlariga tarifni 25 foiz qilib qo’ymoqchi. Bu esa soya yetishtiruvchilar bozorini kasod qiladi.
“Amerikada 27 million tonnadan ortiq soya yetishtiriladi. O’tgan mavsumlarga nisbatan juda oz miqdorda sotayapmiz”, - deydi Illinois fermerlari byurosi iqtisodchisi Maykl Doyerti.
“Savdo qilgan kunimizga qarab, bir tonnadan o’rtacha 55 dollar yo’qotdik”, -deydi Illinoys dehqonlaridan Ivan Xultayn.
Xitoyga soya sotish 2018-yilda 2017-yilga nisbatan 50 foizga qisqargan. Amerikalik dehqonlar 2019-yilda bozor yanada cho’kishidan xavotirda.
Facebook Forum