Breaking News

Nufuzli amerikaliklar Kubaga nisbatan sanksiyalarning yumshatilishi tarafdori


Kuba poytxti Gavanadagi Che Gevara tasviri tushirilgan Inqilob maydoni.
Kuba poytxti Gavanadagi Che Gevara tasviri tushirilgan Inqilob maydoni.
AQShning 44 nafar yuqori martabali sobiq rasmiysi, tadbirkor va olimi prezident Barak Obamaga murojaat qilib, Kubaga nisbatan 50 yil avval joriy etilgan embargoni yumshatishni so’radi.

19-may kuni yo’llangan ochiq xatga imzo qo’yganlar Obamadan qator choralar ko’rishni, xususan bir guruh ekspertlarga Kubaga safar qilishni qonunlashtirishni hamda valyuta sanksiyalarini yumshatib, bu bilan Kubada mustaqil iqtisodiy faoliyatni qo’llab-quvvatlashni so’ragan. Bu ekspertlar kubalik tadbirkorlar uchun huquq, ko’chma mulk, moliyaviy xizmatlar masalalarida treninglar o’tkazadi.

Maktubda aytilishicha, bunday choralar xususiy tashkilotlar va shaxslarga bevosita va bilvosita Kubadagi o’zgarishlarni tezlashtirishda katta ro’l o’ynash imkonini beradi.

Kubada iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bunday imkoniyat yaratdi, deyiladi ochiq xatda.

Kubaga nisbatan qattiq sanksiyalar tarafdorlari bu takliflarni darhol rad etdi.

“Reyter” axborot agentligiga ko’ra, nufuzli AQSh-Kuba Demokratiyasi guruhi rahbari Maurisio Klever-Karone “tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, Kuba rahbarlari iqtisodiy islohotlarni istaganida emas, balki noilojlikdan amalga oshiradi”, deb aytdi.

Fevral oyida o’tkazilgan so’rovda aksariyat amerikaliklar Kubaga nisbatan 50 yillik sanksiyalarni yumshatishni qo’llab-quvvatlagan.

Ochiq xatga imzo qo’yganlar orasida Milliy razvedka xizmatining sobiq rahbari Jon Negroponte, iste’fodagi admiral Jeyms Stavridis va Davlat departamentining qator sobiq ramsiylari hamda taniqli kubalik amerikaliklar bor.

Maktubda Oq uyga Kuba rahbariyati bilan milliy xavfsizlik, migratsiya, narkotiklar va ekologiya kabi masalalar yuzasidan jiddiy muzokara olib borish taklif etiladi.

Maktubda, shuningdek, Kuba bilan so’zlashuvlar orolda qamoqda saqlanayotgan AQSh hukumati pudratchisi Alan Grossni ozod etishni ko’zda tutishi kerak, deyiladi. Gross Kubada qonunga zid ravishda internet aloqasini o’rnatishga uringanligi uchun 15 yilga ozodlikdam mahrum etilgan.

2009-yilda prezident Obama kubalik amerikaliklarga Kubaga bemalol borib, qarindoshlarini ko’rib kelishni ruhsat etgan edi. 2011-yilda Obama AQSh fuqarolariga oddiy kubaliklar bilan aloqa o’rnatishni ko’zda tutgan turizmda ishtirok etishga ruhsat bergan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG