Breaking News

Chet tilini bilish AQSh zobitlari uchun majburiyatga aylanmoqda


AQSh Mudofaa vazirligi qoshidagi tillar instituti dunyoda shu turdagi eng yirik dargoh. Talabalar - asosan harbiylar va xavfsizlik sohasida ishlaydigan no-harbiy mutaxassislar.


Tinch okeani bo’yidagi Kaliforniya shtatining Monterey shahrida joylashgan bu ilm maskani har yili 3500 zobit va rasmiyga o’z eshigini ochadi. 24 til o’rgatiladi. Markaz Pentagon iznida va tabiiyki davlat hisobidan ajratilgan mablag’ evaziga ishlaydi.

Institut ochilganidan buyon katta obro’ qozondi. Faoliyati kengayib bormoqda. Iroq va Afg’onistondagi urushlar til va madaniyatni bilish qanchalik muhim ekanini ko’rsatdi. Zobitlar va xizmatchilar qay yurtga bormasin, oddiy xalq bilan bemalol gaplasha olsin, deydi muallimlar.

Markaz rahbari Donald Fisherning aytishicha, bu yerdagi o’quv kurslari boshqa joylarnikidan ancha farq qiladi. Askarlar akademik jihatdan kuchli bosim ostida.

“Birinchidan, bu yerda o’qish mutlaqo bepul. Talabalarimiz yoshi 18 dan 22 gacha. Hammasi armiyada xizmat qiladi. Shu bois bu institutga chet tilini o’rganish uchun qabul qilingan. Bitta xorijiy tilni o’rganish uchun bir yarim yilgacha vaqt talab qilinadi. Inglizzabon odam uchun ayrim tillarni o’rganish osonroq. Bu 6 oygacha vaqt talab qiladi. Lekin arab, xitoy, koreys yoki yapon kabi qiyinroq tillarini 15 oy davomida o’rganish kerak. Fors tili kursi 47 hafta.”

Ayrim tillarni o’rganish esa bundan ham ko’proq vaqt talab qiladi. Chin-Lin – xitoy tili o’qituvchisi. Xitoy tilining mandarin shevasida gapiraman deganlar 64 hafta ter to’kish kerak.

“Aksariyat talabalar qiyinchiliklarga bardosh berishiga ishonaman. O’qituvchilar va talabalar oldida juda qiyin va murakkab vazifa turadi. Lekin o’rganish yaxshi. Dars berish ham, ayniqsa bunday murakkab bir tildan,” - deydi u.

Talabalar kichik guruhlarga bo’lingan. Har birida 6-10 talaba bor. Hammasi bo’lib 2250 o’qituvchi ularga dars o’tadi. Ayrim tillar bo’yicha mutaxassisga ehtiyoj katta.

“Fors tilidan hammasi bo’lib 150 o’qituvchimiz bor. Yana kerak,” - deydi markaz rahbari Donald Fisher.

Shohiba Badihiy 2000-yildan buyon markazda fors tilidan dars beradi. Yoshlar bu til, Eron tarixi yoki madaniyati haqida umuman tushunchaga ega emas, deydi u.

“Boshida talabalarimiz fors tilida umuman gapirmaydi. Hatto Eron haqida, masalan mamlakat qayerda ekani tog’risida ham hech narsa bilmaydi. Ishni fors tili alifbosidan boshlaymiz. Asta-sekin madaniyat, millat va din xususida ma’lumot beramiz”.


2009-yilda Afg’nistonda xalqaro koalitsiya qo’mondoni bo’lgan general Stenli Makkristal har bir vzvodda kamida bir zobit dariy tilida so’zlasha olsin deb buyruq bergan edi.

Sal o’tmay AQSh armiyasi Iroq va Afg’onistonga yuborilayotgan har bir askar mahalliy tilni bilishi kerak deb bu til markazi bilan hamkorlikni kuchaytirdi. “Rapport” nomini olgan bu o’quv dasturida barcha harbiylar qatnashishi shart. Internet orqali ham o’qish mumkin. Olti soatlik kurs davomida mamlakat tarixi, madaniyati haqida saboq beriladi. Asosiy iboralar va harbiy atamalar o’rgatiladi.

AQSh harbiylariga til o'rgatadigan markaz/Defense Language Center
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:50 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG