AQSh nazarida iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib chora ko’rmasa bo’lmaydi. Prezident Barak Obama yer yuzida o'rtacha harorat oshmasligi uchun harakat qilish kerak deb, bu tabiiy fenomenni isbotlaydigan jiddiy ilmiy dalillar borligiga ishonadi.
Ammo 2016-yilda saylanadigan yangi prezident bu masalaga qanday yondashadi?
Respublikachi nomzodlar orasida eng baland reytingga ega Donald Tramp iqlimdagi o'zgarishlardan xavotirda emas.
"Bu jiddiy muammo emas. Shunchaki, ob-havodagi o’zgarishlar. Inson faoliyati mahsuli. Xitoy bu borada hech narsa qilayotgani yo’q. Boshqa mamlakatlar ham”, - deydi.
Bu oyda "Twitter" ijtimoiy tarmog'i orqali Tramp "iqlim o’zgarishi masalasi" AQSh sanoati raqobatbardoshligini pasaytirish uchun va aynan Xitoy foydasiga o'ylab topilgan, deb fikr bildirdi.
Texas shtatidan senator Ted Kruz ham iqlim o’zgarayotgani haqidagi ilmiy dalillarni inkor etadi va so’nggi 17 yilda ob-havoda hech qanday o’zgarish kuzatilmagan, deydi.
Vaholanki, AQSh Okeanlar va atmosfera boshqarmasiga ko’ra, insoniyat faoliyati oqibatida sayyoramiz asta-sekin qizib bormoqda. O’rtacha harorat ilgariga qaraganda ancha kattaroq tezlikda ko’tarilmoqda. 1976-yildan buyon havo harorati deyarli bir gradusga oshgan.
Iqtisod himoyasi
Florida shtatining sobiq gibernatori Jeb Bush, Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Mayk Hakabi va Kentuki shtatidan senator Rend Pol iqlim o’zgarayotgani hozircha aniq emas, degan fikrda.
Bush va Florida shtatidan senator Marko Rubio Xitoydek yirik davlat atmosferaga zararli gazlar chiqarishni kamaytirmayapti, deb tanqid qiladi.
Demokratlarga kelsak, Hillari Klinton, Vermont shtatidan senator Berni Sanders va Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin Omalli Obama pozitsiyasini quvvatlaydi.
Muqobil enegiya
Nyu-Jersi shtati gubernatori Kris Kristi iqlim o’zgarishini “bor gap” deb aytgan bo’lsa-da, masalaga federal hukumat aralashishiga qarshi. O’z shtatida u toza, yangilanadigan energiya manbalarini targ'ib qilmoqda.
Pol ham quyosh, shamol energiyasi va va gidroquvvatdan kengroq foydalanish tarafdori, ammo ko’mir va tabiiy gaz sanoatini rag'batlantirish tarafdori.
Berni Sanders deydiki, hamma ayb aslida saylov kampaniyasini moliyalash yo’llarida. Tizim isloh qilinmasa, hech narsa o’zgarmaydi, deydi nomzod, chunki neft va gaz sanoatidan moliya olgan respublikachi nomzodlar iqlimdagi salbiy o’zgarishlarni ko'rib tursa-da, tan olmaydi. Siyosatchilar vijdonini sotgan, deydi u.