Uzoq muddatli kuzatuv natijalariga ko’ra, Markaziy Osiyo o'lkalarida haroratning ko’tarilishi, muzliklarning erishi, tog'- o’rmonlarining siyraklashishi qayd etilmoqda. Mutaxassislar bu holni inson faoliyati natijasida tabiatdagi muvozanatning buzilishi, iqlim o’zgarishining ta’siri bilan izohlaydi.
O’sh viloyat ob-havo xizmati boshlig’i Baxtiyor Hasanov iqlim o’zgarishi masalalari bo’yicha ilmiy tadqiqotlar ham olib boradi.
“Uzoq muddatli kuzatuvlarga tayansak, iqlim o’zgarishi yil fasllari cho’zilib ketishi yoki qisqarishi, o’rtacha haroratning ko’tarilishi, qisqa muddatli, ammo shiddatli yog’ingarchilikda yaqqol ko’zga tashlanadi”, - deydi u.
Mintaqada cho’llashuv jarayoni ham faollashmoqda.
“Asosiy oqin suv manbai bo’lmish tog’ muzliklari erishi esa davriy xarakterga ega. Kosmik stansiyalardan olingan fotosuratlarga ko’ra, ayrim muzliklarning “tili” o’tgan asrning 60-70-yillaridan beri ancha kichraygan bo’lsa, ayrim muzliklarniki ma’lum darajada o’sgan”, - deydi Baxtiyor Hasanov.
Aytish joizki, Qirg’iziston Kioto protokoliga qo’shilgan mamlakatlardan biri bo’lib, o’z majburiyatlarini baholi-qudrat bajarib kelmoqda. Jumladan, joriy yil mamlakat janubida ob-havoni kuzatish uchun 8 avtomatik stansiya ishga tushirildi. Ikki yil davomida yana 30 ta shunday stansiya qurilishi rejalangan.
“Asosiy vazifa mamlakat iqtisodiyotini, xalq xo’jaligi sohalarini, qolaversa, aholini iqlim o’zgarishiga ko’niktirish”, - deydi mutaxassis.
Qirg’iziston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, Markaziy Osiyoda taniqli ekolog-olim, biologiya fanlari doktori Biymirza Toktoraliyevning aytishicha, atmosferaning ifloslanishi, o’simlik va jonivorlar turlarining yo’qolib borishi, o’rmonlarning siyraklashuvi, tuproq qatlamining yemirilishi inson faoliyati bilan bog’liq.
Aynan inson zoti tabiatdagi muvozanatning buzilishiga sabab bo’lmoqda, deydi olim.
Suhbatdoshga ko’ra, respublika Ozon markazi hamda uning qoshidagi Iqlim instituti faoliyati ijobiy bahoga loyiq. Iqlim masalalari bilan Qirg’zistonda, shuningdek, Geologiya instituti hamda Qirg’iz-Slavyan universiteti olimlari shug’ullanmoqda.
“Afsuski, olimlarimiz bu masalada birlasha olmayapti, tig'iz hamkorlik kuzatilmaydi. Jiddiy masalalar nodavlat tashkilotlar ixtiyoriga berib qo’yildi. Hukumat darajasida tashkil qilingan har xil komissiya va qo’mitalarda ham hamma narsa maxsus bilimga ega emas odamlarga bog’liq. Bu to’g’ri emas. Mutaxassislarni jalb qilmoq darkor. Bu ishlar tartibga solinsagina naf bo’lishi mumkin”, - deydi Biymirza Toktoraliyev.
Suhbatdosh fikricha, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda global iqlim o’zgarishiga moslashuv ishlarida mintaqa davlatlari butun Markaziy Osiyo manfaatlariga asoslangan yagona strategiya ishlab chiqsa va hamkorlikda unga amal qilsa, ayni muddao bo’lar edi.
Mamlakatlar o’rtasida mavjud oqin suvdan foydalanish, baland to’g’onlar qurilishi borasidagi bahslarni ham har tomon manfaatlarini inobatda olgan holda yechmoq lozim, deydi olim.
Qirg’izistonlik mutaxassislar deydiki, tabiatni asrash hamda iqlim o’zgarishi borasida yirik davlatlar ko’magi va xalqaro tashkilotlar tadbirlarida ochiq-oydinlik yetishmaydi.
“Aytaylik, Qirg’izistonda BMTning Taraqqiyot dasturi faoliyat ko’rsatib keladi. Ammo nima qilishayotganini bilmaysan kishi. Yaqinda Amerika tomoni Qirg’izistonda amalga oshirilayotgan loyihalarni sanab o’tganda, biz ajablandik, chunki ko’pidan xabarimiz yo’q edi”, - deydi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti.
Toktoraliyevning aytishicha, jiddiy rejalashtirish hamda nazorat yo’qligi sabab chet o’lkalar va xalqaro tashkilotlar tabiatni asrash masalasiga Qirg’izistonga yo’naltirayotgan sarmoyalarning bosimli qismi havoga uchib ketmoqda, deyish mumkin.