AQShdagi Immigratsiya tadqiqotlari markazi hisobiga ko’ra, 1990-2000-yillarda immigrantlar soni 43 foizga oshib, qariyb 28 yarim million odamga yetgan. Bu o'tgan asrdagi eng katta o’sish.
Jarayonga 1986-yilda qabul qilingan Immigratsiya islohoti va nazorati haqidagi qonun sabab bo’lgan. Unga ko’ra, mamlakatga 1982-yilgacha kirgan nolegal muhojirlarga qonuniy maqom berildi. Ikkinchi sabab – immigrant oilalarda bolalarning ko’pligi. 2015-yilga kelib muhojirlar farzandlari katta bo’ldi va saylovlarda faol qatnasha oladi.
To’rtta shtat va Kolumbiya okrugida fuqarolarning aksariyati - oq tanli bo’lmagan odamlar. 2044-yilga borib AQShning barcha hududlarida oqlar ozchilik bo’ladi.
Nyu-Meksiko va Kaliforniyada latinolar - eng katta guruh. Texas ham yaqinda shunday shtatlar ro’yxatiga kiradi. “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markaziga ko’ra, 2000-2012-yillarda ispanzabon aholi 63,5 foizga, ya’ni oqlarga qaraganda kattaroq sur’atlar bilan ko’paygan.
Saylov ta’siri
Bu vaziyatning 2016-yilgi saylov hamda kelajakdagi barcha saylovlarga katta ta’sir ko’rsatishi shubhasiz: ko’plab amerikaliklar uchun immigratsiya islohoti – muhim masala.
Nyu-York shahar universiteti dekani Vensan Budroning aytishicha, respublikachilardan prezidentlikka da’vogar Donald Tramp masalani dolzarblashtirdi.
“2013-yilda Nyu-Gempshir va Ayova shtatlarida saylovchilarga “Siz uchun qanday masalalar muhim?” deb savol berilganida ular immigratsiyani eng dolzarb besh mavzu sirasiga kiritmagan. Endi esa bu eng muhim uchta masaladan biri, bunga Donald Tramp sababchi bo’ldi”, - deydi u.
Saylovoldi kampaniyasida Tramp amerikaliklar xavfsizligiga urg’u berishga qaror qildi. Iyunda u meksikaliklarni jinoyatchi va zo’ravonlar deb atagan edi. Parijdagi xurujlardan keyin u o’xshash bayonotlarini davom ettirdi. Oqibatda boshqa da’vogarlar, shu jumladan demokratlar ham immigratsiya va qochqinlar masalalariga ehtiyotkorlik bilan yondasha boshladi.
“Ovozimizni eshiting” deganlar
Mutaxassis Stiv MakFarland immigrantlarga qarshi bayonotlar ko’payar ekan, saylovda qatnashadigan odamlar sonini oshirish kerak, degan fikrda. Uning tashkiloti aynan shu yo’nalishda ishlaydi.
“Ayrim fuqarolar shu paytgacha siyosatga aralashmay kelgan, boshqalar konservativ yoki mo’tadil qarashlarga ega. Ammo so’nggi bayonotlar tufayli ko’pgina latinolar saylovda qatnashishga shay”, - deydi u.
“Afro-amerikaliklar ham “Qora tanlilar hayoti muhim” (#BlackLivesMatter) harakatini boshlab, “ovozimizni eshiting, fikrimizni inobatga oling”, demoqchi, bu bilan politsiya shafqatsizligi va adolatsizligiga e’tibor qaratmoqchi.
Trampning musulmonlar haqidagi salbiy chiqishlari oqibatida amerikalik musulmonlar orasida birdamlik kuchayishi va ular saylovda faolroq qatnashishi mumkin.
“Saylovchilar nomzodlarga “agar biz uchun muhim masalalarni ko’rib chiqmasangiz, sizni qo’llamaymiz”, demoqda. Bu Amerikadagi yangi siyosat,” – deydi Budro.