Dallasda ovoz berish ikki soatga uzaytirildi
Saylov bo'yicha sudyaning kutilmaganda vafot etishi ortidan Texas shtatining Dallas okrugida ovoz berish soat 19:00 gacha emas, balki 21:00 gacha davom etishi belgilandi.
O'tgan kechasi sudyaning vafot egani ma'lum bo'lgach, ertalab ovoz berish 2 soat kech boshlangan. Shuning uchun saylov uchastkalarining yopilishi ikki soatga kechiktirilmoqda.
Saylash mudatini uzaytirish qarorini sudya Kley Jenkins "Twitter"dagi sahifasida e'lon qildi.
Saylov uchastkalaridagi manzara
Mamlakatning barcha shtatlarida ovoz berish davom etmoqda. Ertalab ancha gavjumlashgan saylov uchastkalarida odam biroz siyraklashgan. Chunki ko'pchilik allaqachon ovoz berib bo'lgan yoki qolganlar ish kuni tugagandan so'ng kelib ovoz beradi.
Ovoz berish ko'plab shtatlarda kechki soat yettigacha davom etadi. Ba'zi shtatlarda esa saylov uchastkalari mahalliy vaqtdagi tafovutlar bois tungi soat 12 gacha ochiq bo'ladi. Ovoz berish markazlari eng oxirgi yopiladigan shtat bu Alyaska. Bu yerda sharqiy vaqt hisobi bo'yicha 9-noyabr tungi soat 1 da ovoz berish to'xtatiladi.
Muxbirimiz Odil Ruzaliev Virjiniya shtatidagi saylov uchastkalaridan biriga borib ovoz berish jarayonini kuzatdi.
Uning aytishicha, ovoz berish uchun kelayotganlar soni kamaygan, ammo to'xtagani yo'q. Mahalliy fuqarolar va rasmiylar bu yilgi saylovda odamlar har qachongidan ham ko'proq qatnashayotganini aytgan.
Muxbirimiz saylov uchastkasidan turib jonli tarzda "Facebook" orqali o'quvchilarimiz bilan bog'landi. Ushbu video va boshqa suratlarni quyida e'tiboringizga havola qilamiz.
Klintonda g'olib bo'lish imkoniyati yuqorimi?
Saylov kuni oldidan mamlakat bo'ylab o'tkazilgan eng so'nggi so'rovlarning ko'rsatishicha, demokrat Hillari Klinton raqibi Donald Trampdan oldinda bormoqda. Ammo o'rtadagi tafovut katta emas.
So'rovlarga ko'ra, ayollar, ispanzabonlar, qora tanlilar hamda kollej ta'limini olgan saylovchilar orasida Klinton tarafdorlari ko'p. Trampni yoqlayotganlar esa, asosan, oq tanli ishchilar guruhi, kollej ta'limini olmaganlar hamda qishloq joylardagi fuqarolardan iborat ekani aniqlangan.
Mamlakat bo'ylab o'tkazilgan so'rovlarda Klinton Trampdan uch foiz oldinda. Kim yutishi noma'lum muhim shtatlarda ham demokratlar nomzodi kichik miqdorda Trampdan o'zib ketgan.
G'olibni aniqlashda aholisi katta shtatlar muhim o'rin egallaydi. Chunki ularga eng ko'p elektorat ovozlari berilgan. Bir necha ana shunday yirik shtatlarning ham Klintonga moyil ekani taxmin qilinmoqda.
Jami 538 elektrorat o'rnining kamida 270 tasini qo'lga kiritgan nomzod AQSh prezidenti etib saylanadi.
Ispanzabonlar rekord darajada ovoz berishga chiqmoqda
Bu yilgi saylovda ovoz berayotgan ispanzabon amerikaliklar soni har doimgidan ko'p ekani aytilmoqda. Kelib chiqishi Lotin Amerikasidan bo'lgan bu fuqarolar Texas kabi muhim shtatlarda aholining salmoqli qismini tashkil etadi. Bu esa saylov taqdirini belgilashda katta ahamiyatga ega bo'ladi.
Odatda, respublikachilarga ovoz berib kelgan Arizona shtati bu yilgi saylovda kim g'olib chiqishi noma'lum hududlardan biriga aylangan. Chunki bu yerda ispanzabonlar soni oshib bormoqda va ularning aksariyati respublikachi Donald Trampga qarshi. Chunki Tramp ispanzabonlarni haqorat qilgani va muhojirlarni mamlakatdan quvib solishi haqida aytgan gaplari bilan bu toifadagi saylovchlarning ko'nglini qoldirgan.
Demokratlar nozmodi Hillari Kllinton bu vaziyatdan unumli foydalanib, oz sonli etnik saylovchilar ovozini olishga alohida e'tibor qaratdi. U olib borgan saylov kampaniyalarida ham shu narsa ko'zga tashlandi.