Shtatlarda birin-ketin saylov natijalari e'lon qilinmoqda. Hozircha hech bir nomzod aniq ustunlikka ega emas. Tramp va Klinton shu paytgacha qo'lga kiritgan ovozlar deyarli teng.
Respublikachi nomzod sharafiga yasalgan ulkan tort surati ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'ldi. Tramp g'olib chiqsa, mehmonlarga tortiq qilinsa, ajab emas.
Nyu-York shtatida Klinton g'alaba qozondi. Har ikki nomzod shu shtatdan. Klinton bu yirik shtatda 29 elektorat ovozini qo'lga kiritdi. O'z navbatida Tramp Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota, Kanzas, Texas, Luiziana, Nebraska va Vayomingda g'alaba qozondi.
Konnektikut shtatida Klinton g'alaba qozongani xabar qilindi. Ko'pchilikning e'tibori Virjiniya, Shimoliy Karolina va Florida shtatlarida. Bu yerlarda har ikki nomzod deyarli teng ketmoqda. Ammo Tramp biroz oldinda.
Ko'pchilik Virjiniyada Klintonning oson g'alaba qozonishini taxmin qilgan edi. Chunki vitse-prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Tim Keyn shu shtatdan senator va sobiq gubernator.
Shuningdek, Nyu-Gempshir, Pensilvaniya, Ogayo, Michigan kabi bir qator shtatlarda ovoz berish yakunlangan, lekin kimning g'olib chiqqanini taxmin qilishga hali erta. Ovozlarni sanash davom etmoqda.
Respublikachilar partiyasi Vakillar palatasidagi nazoratini saqlab qoldi
Bugun AQShda nafaqat prezidentlik, balki parlamentdagi ayrim o'rinlar uchun ham saylov bo'lib o'tmoqda. Vakillar palatasida ko'pchilik o'ringa ega bo'lgan respublikachilar bugungi saylovdan keyin ham ustunligini saqlab qoladigan bo'ldi. Bunga erishish uchun lozim bo'lgan o'rinlarni ular hozirgacha qo'lga kiritib bo'lgan.
Ayni paytda senatdagi bir nechta o'rin uchun ham kurash ketmoqda. Hozir senat respublikachilar nazoratida, ammo ularning ustunligi katta emas. Shu bois bugungi saylovda demokratlar senat nazoratini qayta o'z qo'llariga olishi kutilmoqda. Buning uchun ular 5 ta o'rinni egallashi kerak. Agar Klinton prezident bo'lsa, 4 ta o'rin kifoya qiladi. Chunki vitse-prezident senatda bir ovozga ega bo'ladi.