Klinton Vashington shtatini qo'lga kiritdi. Tramp esa Jorjiyada ustun keldi. Umumiy ovozlar bo'yicha Tramp hanuz oldinda.
Saylov taqdirini hal qiladigan sanoqli shtatlar qoldi. Bular - Michigan, Pensilvaniya, Viskonsin, Minnesota va Arizona. Ularning barchasida Tramp ustunlik qilmoqda. Pensilvaniyada kuchlar teng. Agar Tramp bu shtatlarni qo'lga kiritsa, u AQShning navbatdagi prezidenti bo'ladi.
Klinton saylov kampaniyasi rahbari Jon Podestaning aytishicha, demokrat nomzod bugun saylov yakunlari haqida gapirmaydi. Bu uning mag'lubiyatni tan olganidan dalolat bermoqda.
So'nggi sanoqli shtatlarda hanuz rasmiy natijalar e'lon qilinishi kutilmoqda, ammo ularning deyarli barchasida Donald Tramp g'alaba qozonishi allaqachon ma'lum bo'lgan. Klinton faqat Nyu-Gempshir shtatida kichik ustunlik bilan oldinda. Lekin bu saylov natijasiga ta'sir ko'rsata olmaydi.
Ayni paytda Tramp saylov kampaniyasi shtab-kvartirasiga yetib kelgan. Bu yerda u g'alaba nutqini o'qishi kutilmoqda.
Tramp g'alaba qozondi
Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp AQShning 45-prezidenti etib saylanishga yetarli ovoz to'pladi. Bahsli va ziddiyatli voqealarga boy o’tgan saylov mavsumining so’nggi kuni ham kutilmagan bo’ldi: milliarder nomzodning eng yuqori pallagacha chiqishini ko’pchilik kutmagan edi.
Saylovda Tramp to’la ustunlik qildi, deb bo’lmaydi. Aksincha, deyarli barcha shtatlarda kurash teng kuchlar ostida o’tdi. Saylov taqdirini kimga ovoz berishi noma’lum bo’lgan shtatlar hal qildi. Ularning barchasi Trampga moyillik bildirdi. Ayni paytda Klinton ham bu hududlarda jiddiy qarshilik ko’rsatdi. Aksariyatida Tramp kichik miqdordagi ustunlik bilangina g’olib chiqdi.