Klinton mag'lubiyatini tan oldi
Hillari Klinton mamlakat ravnaqi uchun prezident etib saylangan Donald Tramp bilan birga ishlashga tayyor ekanini va shu masalada unga o'z yordamini taklif qilganini bildirdi. Bu haqda u 9-noyabr kuni saylov natijalariga bag'ishlangan murojaatida gapirdi.
O'z navbatida Tramp uni shu maqomga olib chiqqan, Amerika siyosiy tarixida ulkan o'zgarish yasagan Amerika ishchilar guruhini hech qachon unutmasligini aytdi.
"Shu paytgacha unutilgan erkak va ayollar endi hech qachon esdan chiqarilmaydi. Biz hammamiz ilgari ko'rilmagan darajada birlashamiz", - dedi u g'alabadan so'ng "Twitter"da qoldirgan yozuvida.
2017-yil 20-yanvar kuni qasamyod keltirib, Oq uyga kirishi kutilayotgan milliarder Tramp AQSh tarixida ilgari hech bir davlat mansabida ishlamagan ilk oliy bosh qo'mondon bo'ladi. Ayni paytda 70 yoshli arbob Amerika tarixidagi eng keksa davlat rahbariga aylanadi.
Obama: Umidni uzmang
Prezident Obama bugun saylov najialari haqida bayonot berdi. U hokimiyatni Donald Trampga topshirish jarayoni silliq o’tishini ta’minlash uchun barcha choralarni ko’rishini bildirdi. O’rtada tafovutlar bo’lishiga qaramay, biz unga muvaffaqiyat tilaymiz, dedi AQSh rahbari.
“Bu uzoq va qattiq kurash olib borilgan kampaniya bo’ldi. Kampaniyalarning, demokratiyaning tabiati shunaqa. Ba’zan yuz bergan voqealar odamga ilhom beradigan darajada emas. Ammo saylovga endi kirib kelayotgan va natijadan afsuslangan yoshlarni umidni yo’qotmaslikka chaqiraman. Klinton bugun ertalab aytganidek, to’g’ri narsa uchun kurashish o’zini oqlaydi. Ba’zan bahslarda, ba’zan saylovda yengilasiz. Bu mamlakat bosib o’tgan yo’l hech qachon silliq bo’lmagan. Men ham oldin saylovlarda yutqazganman”, - dedi Obama.
Kongressning har ikki palatasi respublikachilar qo'lida
Demokratlar nomzodi Hillari Klinton ommaviy so’rovlarda oldinda borayotgan payt ko’plab kuzatuvchilar AQSh Senatining demokratlar nazoratiga o’tishini taxmin qilgan edi. Hatto Vakillar palatasini qo’lga kiritish imkoniyati mavjudligi haqida ham gapirishdi.
Ammo kecha e’lon qilingan saylov natijalari barcha umidlarni chippakka chiqardi. Nafaqat demokratlarning prezidentlik uchun nomzodi Hillari Klinton mag’lub bo’ldi, balki respublikachilar Kongressdagi har ikki palata ustidan nazoratni ham saqlab qoldi.
8-noyabr kuni Senatdagi 100 o’rinning 34 tasi saylovga qo’yilgan edi. Vakillar palatasida esa jami 435 o’rin uchun kurash kechdi. Respublikachilar Senatda 51 o’rinni qo’lga kiritdi, demokratlar esa 74 ta. Yana ikkita joyga kimning saylangani hali aniq emas. Ammo bu o’rinlar ham respublikachilarga nasib qilishi imkoniyati yuqori.
Vakillar palatasiga o'tgan saylovlarda respublikachilar 239, demokratlar esa 193 o'rinni qo'lga kiritdi.
Toshkentda saylovni kuzatish uchun jamoatchilik vakillari yig'ildi
Toshkentdagi AQSh elchixonasi Amerikagi prezidentlik saylovini jonli kuzatish uchun "Wyndham" mehmonxonasida tadbir o'tkazdi. Unda AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen, Amerika diplomatlari va fuqarolari, O'zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar vakillari, O'zbekiston hukumati a'zolari, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Elchi Spratlen xonim prezident saylovida mamlakat aholisi konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda demokratik jamiyat uchun ovoz berganligini ta'kidladi.
"Amerikaliklar respublikachimi yo demokrat, liberalmi yo konservativ, deya farqlanar ekan, biz AQSh Konstitutsiyasida muhrlangani kabi o'zimizning erkin va demokratik jamiyatimiz hamda saylash huquqiga egaligimizni qadrlagan holda birlashamiz", - dedi u.
Toshkentdagi AQSh elchixonasi tadbiridan olingan suratlar (AQSh elchixonasining Facebook sahifasidan olindi):