Amerikada prezidentlikka da'vogar ikki demokrat arbob, senator Berni Sanders va sobiq davlat kotibi Xillari Klinton payshanba kuni Nyu-Yorkdagi debatda kuch sinashdi. Kelasi hafta bu shtatda partiyaviy saylovlar o'tadi.
Nomzodlar shiddat bilan olishdi. Xususan, senator Berni Sanders raqibi Xillari Klintonning Iroq urushini yoqlagani, Voll-Stritdagi firma va banklardan mo'may moliya olganini tanqid qildi. Biroq Sanders Klinton senatorlik paytida banklarni siylab yon bosgani haqidagi da'vosini isbotlay olmadi.
"O'ta kattalashib ketgan banklarni bo'lib tashlash kerak", - deya da'vat etmoqda Vermont shtati senatori.
"Senator Sanders mening xatoimni isbotlab birorta dalil keltira olmaydi", - deydi Klinton. "Chunki dalil yo'q. Faktlar asosida gaplashish kerak", - deydi u.
Klintonning aytishicha, u Voll-Stritdagi firmalardan katta hadyalar olgani haqidagi gaplar safsata.
Xo'sh, Xillari moliyaviy institutlarga mo'may pul evaziga ma'ruzalar o'qigani haqidagi gaplarga barham bermoqchi bo'lsa, nima uchun bunga doir hujjatlarni ommaga havola qilmayapti?
"Agar hamma birday hujjatlarini e'lon qilsa, men ham roziman", - deydi u. "Har bir nomzod soliqlarini birday ommaga taqdim etishini talab qilaylik, shunda men ham rozi bo'laman", - deydi Klinton.
Sanders ham soliqlarga doir qog'ozlarini tez kunda e'lon qilishini aytmoqda.
Har ikki nomzodni Nyu-York bilan qalin rishtalar bog'laydi. Sanders Bruklinda dunyoga kelgan. Klinton bu shtatga 2001-2009-yillarda senatorlik qilgan. Ikki arbobning Nyu-Yorkda tarafdorlari serob.