Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar hisobicha, Amerika mahbuslar soni bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi. 2 million 228 ming 424. Ikkinchi o'qinda Xitoy - 1 million 701 ming 344. Uchinchi o'rinda Rossiya - 672 ming 100.
2012-yilgi raqamlarga ko'ra, Qo'shma Shtatlarda har 100 ming odamdan 707 nafari panjara ortida.
AQSh sudlari zo'ravon bo'lmagan jinoyatlar uchun ham uzoq muddatli qamoq jazolari belgilaydi, deydi huquq himoyachilari. Qonun va hukmlarning qattiqlashishiga qaratilgan 30 yillik harakatlardan so'ng konservativ kuchlar ham, liberallar ham tizim islohotga muhtoj ekanini tan olmoqda.
1998-yil aprelida aka-uka Lorens va Lamont Garrisonlar kokain tarqatganlikda ayblanib, 12 va 14 yil qamoqda o'tirib chiqishdi. Hukm sudya ishtirokisiz, avtomatik ravishda qabul qilindi. Ishni sudya ko'rib chiqqanida edi, ular besh yildan ko'pga qamalmagan bo'lar edi, deydi mutaxassislar.
Lamont Garrison haligacha o'zini aybsiz deb biladi.
“Menga aybimga iqror bo'lishni taklif qilishdi. Shunda o'zingga yordam bergan bo'lasan, qilgan ishlaring noto'g'ri, deyishdi. Ammo men ayb ish qilmadim, gaplashadigan gap yo'q, dedim", - deydi Lamont.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar Qo'shma Shtatlarni sudning asosiy tamoyillarini oyoqosti qilayotganlikda, sabab va zaruratsiz uzoq qamoq muddatlari belgilayotganlikda ayblab keladi.
“1970-yillardan boshlab jinoyatga qarshi harakat avj oldi va qamoq muddatlari uzaytirila boshladi, majburiy hukm tizimi joriy etildi. Ya'ni bu siyosiy bir tashabbus bo'lib, maqsad odamlarni panjara ortiga tashlab, o'sha yerda uzoqroq ushlab turish edi”, - deydi Mark Maur "Hukm loyihasi" tashkiloti rahbari.
Tashabbus ashaddiy jinoyatchilarga qarshi qaratilgan edi. Ammo tizim zo'ravonlikka qo'l urmagan, ko'p hollarda narkotiklar bilan ish qilgan odamlarni ham o'z domiga tortdi.
30 yil o'tgach, qamash sur'ati 500 foizga oshdi. Ayni damda Amerika qamoqxonalarida ikki milliondan ziyod odam jazo o'tamoqda. Bu dunyodagi eng katta ko'rsatkich. Mark Maurning aytishicha, uzoq qamoq muddati jamiyatga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
“Odam qamoqqa tushganda bundan nafaqat uning o'zi, balki oilasi ham jabr ko'radi. Bu farzandlarining ruhiyatiga ta'sir qiladi - ular or qila boshlaydi, o'zlarini boshqalardan kam deb biladi”, - deydi Maur.
Natijada tizimni isloh qilish talablari tobora balandroq yangramoqda.
Vashingtondagi Amerika biznes institutida tahlilchi Maykl Baronning aytishicha, konservativ guruhlar qattiq jinoyatga qo'l urmagan, jinoyati jamiyatga katta zarar keltirmagan mahbuslarning qamoqda o'tirgani haqidagi ma'lumotini saqlamaslikni, ularni uzoq muddatga qamamaslikni taklif qilmoqda.
“Albatta, bu jarayon vaqt oladi. Majburiy muddatni 20 daqiqada belgilash mumkin, ammo zararini qoplashga ba'zida 20 yil ketadi”, - deydi Mark Maur.
Ayni damda Kongressda majburiy qamoq muddatini kamaytirishga demokrat va respublikachi qonunchilar tomonidan harakat bor. Har ikki palatada nazoratni qo'lga olgan respublikachilarga hozir ko'p narsa bog'liq.