Bundan 12 yil avval prezident Jorj Bush Guantanamo bo'g'ozidagi harbiy bazada qamoqxona ochishga qaror qilgan edi. Terrorchilikka qarshi urush boshlanganidan buyon u yerda 800 odam hibsda saqlandi. Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, amaliyot qonunga zid. Prezident Barak Obama uni yopishni va’da qilgan bo’lsa-da, AQSh hukumati terrorchilikda ayblangan shaxslarni u yerda saqlashni davom ettirmoqda.
11-sentabrdagi hujumlardan so’ng terrorga qarshi global urush e’lon qilindi. To’rt oy o’tib, 2002-yilda Guantanamoga mahbuslar keltirila boshladi. Ularning bari musulmon, ayrimlarining yoshi 18 da edi. Bugun Guantanamoda 149 odam saqlanmoqda, ularning 38 nafari “muddatsiz” hibsda.
Nikolas Rostou AQSh hukumatining maslahatchisi hamda prezident Ronald Reygan va Jorj Bush yordamchisi bo’lib ishlagan.
“O’sha davrdagi ma’muriyat fikricha, Guantanamodagi mahbuslar Jeneva konvensiyasiga binoan jangchi hisoblanmasdi, shuning uchun qo’lga tushganda ularga “urush asiri” maqomi berilmagan”, - deydi u.
1949-yilda urush qoidalarini belgilovchi xalqaro Jeneva konvensiyasi qabul qilingan. Unda hujjatni imzolagan davlatlar fuqarolari va urushda ishtirok etayotgan, ya’ni harbiy forma kiygan askarlarga bir qator huquqlar berilgan.
“Kelishuv urushda asir tushgan askarlaning maqomini belgilashni talab qiladi. Agar askar Konvensiyani imzolagan davlat fuqarosi bo’lsa, Jeneva konvensiyasi uni to’liq himoyasiga oladi”, - deydi Vashingtondagi “Meros” (Heritage) jamg’armasi tahlilchisi Kalli Stimson.
AQSh Guantanamodagi mahbuslarni urush asirlari deb biladi. Bu esa urush tugaganida ularning o’z vataniga qaytishi kerakligini anglatadi. Ammo terrorga qarshi urushning keti ko’rinmayapti.
“Bu yondashuv boshqasiga qaraganda yaxshiroq. Jangchini asir olib, unga insoniy munosabatda bo’lish, qornini to’ydirish va ust-bosh berish uni o’ldirishga qaraganda yaxshiroq-da axir. Chunki siz ularni qatl etib, yashash huquqidan mahrum etmayapsiz. Siz ularni boshqa odamlarni o’ldirish huquqidan mahrum etyapsiz. O’limga qaraganda bu yaxshiroq”, - deydi Stimson.
Ammo masala shu yerda murakkablashadi, deydi tahlilchi.
“Muammoga sabab bo’lgan masala shuki, 11-sentabr hujumlari vaqtida Tolibon Afg’onistonda hokimiyatda edi. Lekin ularni dunyoning bor-yo’g’i uch davlati tan olgan, xolos. Albatta, ular orasida AQSh yo’q”, - deydi u.
AQSh hukumati Guantanamodagi ayrim asirlarni hisbda saqlashda davom etmoqchi, boshqalarining taqdiri yuzasidan esa aniq rejalar yo’q.
“Asirlar yaxshi inson emasligi sababli ularni qabul qiladigan mamlakatni topish qiyin. Ayrimlari sudni kutmoqda, yoki harbiy yoki fuqaroviy sud tomonidan sud qilinishi kerak”, - deydi Nikolas Rostou.
Bundan olti yil avval prezident Obama Guantanamoni yopishni va’da qilgan edi. Ammo va’dasining ustidan chiqqanicha yo’q. Yaqinda Tolibon harakatiga mansub besh asir amerikalik bir askar bilan almashtirilgach, AQShning bu masaladagi siyosati qanday bo’lishini bashorat qilish yanada qiyinlashdi.