Breaking News

Eron ballistik raketa uchirgani yuzasidan BMTga shikoyat


Eron ballistik raketa uchirgani uchun BMT Xavfsizlik Kengashida unga qarshi tegishli choralar ko'riladi, deya bildirmoqda Qo'shma Shtatlar.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauers so'zlariga qaraganda, Eron o'tgan hafta o'tkazgan raketa sinovi Xavfsizlik Kengashining 1929-raqamli rezolyutsiyasiga zid. Sinov 10-oktabr kuni o'tkazilgani tasdiqlangan.

Elchining bildirishicha, AQSh bu voqea yuzasidan hisobot tayyorlab, masalani kengashda muhokamaga qo'yadi. Islomiy respublika ballistik raketa sinovlarini o'tkazishi taqiqlangan. Mamlakatga qarshi qurol embargosi ham bekor qilingan emas.

Shu yoz Eronning atom dasturi yuzasidan olti yirik davlat bilan kelishuv imzolangan edi. Samanta Pauersning qayd etishicha, kelishuv sekin-asta tatbiq etilmoqda.

Xavfsizlik Kengashida Eronga qarshi ko'riladigan ehtimoliy choralar bitim ijrosiga ta'sir ko'rsatmaydi, deydi u.

Jurnalist taqdiri

Eron hukumati josuslikda ayblanib, sudga tortilgan amerikalik jurnalistni insonparvarlik nuqtai nazaridan ozod etishi mumkin.

Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Tehronda o'tgan matbuot anjumanida bu mavzuga to'xtab o'tdi. "Vashington Post" gazetasi muxbiri Jeyson Rizoyan 2014-yildan beri qamoqda saqlanmoqda.

Eron inqilobiy sudi yaqinda uni josuslikda aybdor deb topdi, biroq qanday jazo belgilangani ma'lum emas. Rizoyan ham Eron, ham Amerika fuqaroligiga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG