Breaking News

AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush


AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush
AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush

Iroqda qariyb to’qqiz yilga cho’zilgan urush nihoyasiga yetdi. AQSh qo’shinlari mamlakatni tark etar ekan, bu davr mobaynida erishilgan yutuq va kamchiliklar sarhisob qilinmoqda.

Harbiy kolonnalar Iroqdan Quvayt tomon yo’l olmoqda. Butun mamlakat bo’ylab harbiy bazalarda AQSh bayroqlari yechilyapti. Ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, amerikaliklarning 77 foizi Iroqda urush yakun topganidan mamnun.

“Qo’limizdan kelgan barcha yordamni berdik”, - deydi serjant Fred Foks. “Barcha sohalarda iroqliklarning o’zi yetakchilikni qo’lga olayapti. Biz topshiriqni bajarib bo’ldik”.



Urushga tarix qanday baho berishini hozirdan bilish qiyin. Ammo eng katta yutuq borasida o’xshash fikrlar yangraydi.

Amerika Biznes Instituti olimi Frederik Kagan Saddam Husayn hokimiyatdan ag’darilganini “arzigulik ish” deya maqtaydi.

AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush
AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush

Boshqalar esa urushning asl sabablari, rasmiy bayonotlar-u mamlakatdagi real vaziyat o’rtasidagi tafovutlarga e’tibor qaratadi.

“Iroqda asosiy vazifa - demokratik jamiyat qurish, uni AQShga ittifoqchi, regionni terrorizmdan himoyalovchi davlatga aylantirish, degan gaplarni ikki prezidentdan eshitdik. Oxiri nima bo’ldi?”, - deb so’raydi bu haqda kitob yozgan Piter Van Buren.

2006-yil oxiriga borib Iroqda zo’ravonlik avj oldi, mamlakat fuqaro urushi yoqasida degan bayonotlar yangray boshladi. O’sha paytdagi prezident Jorj Bush uzoq muhokamalar ketidan qo’shimcha minglab zobit yubordi va zo’ravonlik ko’lami bir oz pasaydi.

“2007-2008-yillarda harbiy strategiyani o’zgartirib, Iroqda qo’shin sonini oshirish – Jorj Bushning eng puxta o’ylangan qarorlaridan biri bo’lgan”, - deydi olim Fred Kagan.

AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush
AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush

Tanqidchilar nazarida esa Qo’shma Shtatlar Iroqni taraqqiy ettirish va qayta qurish loyihalariga 60 milliard dollar ajratgan bo’lsa, shuning atigi bir qismi belgilangan maqsadda ishlatilgan.

“Pulning katta qismi xavfsizlikni ta’minlovchi kompaniyalar, kontraktorlarga tegdi. Korrupsiya, qalloblik, firib natijasida qancha mablag’ yo’q bo’lib ketdi. Qayta qurishga uncha sarflanmadi”, - deydi ular.

Bugun Iroq hamon notinch. Bu davlat o’zini boshqara olishiga ko’pchilik ishonmaydi. Mintaqada Eron ta’siri oshadi degan xavotir bor.

Xalqaro aloqalar bo’yicha ekspert Adam Mauzner fikricha:

“Amerika askarlarining ketishi bilan regionda bo’shliq, noaniqlik yuzaga kelishi tayin. Yaqin Sharqdek nozik mintaqa uchun bu xatarli holat. Va Eron uchun imkoniyat, albatta”.

AQSh elchisi Jeyms Jeffrining aytishicha, Iroq bilan munosabatlarda yangi sahifa ochilmoqda.

AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush
AQShga 800 milliard dollarga tushgan urush

“Iroq bizga yaqin ittifoqchi. Diplomatiya, moliya va savdo sohasida ko’makni ayamaymiz. Regionda barqarorlikni saqlash ham muhim, buning uchun bazalarimiz bor”, - deydi elchi.

Amerika Iroqda 4,5 ming zobitidan ayrildi. Harbiy operatsiya 800 milliard dollarga tushdi.

Soldatlar vatanda qahramondek kutib olinyapti. Ular uchun urush nihoyasiga yetdi. Millionlab iroqliklarni esa mavhum kelajak kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG