Breaking News

Islomiy moliya asosida uy-joyli bo’layotgan amerikaliklar


Amerikada uy-joyli bo'lish - yuzlab ming dollar qarzga botish demakdir. Bankdan olingan kreditni 20-30 yil davomida bir necha foizi bilan to'lab borasiz. Ko'chmas mulk bozori chaqqon bo'lsa, odamlar o'nlab, ba'zida yuzlab ming foyda ham oladi. O'z uyiga ega bo'lish - har bir insonga xos orzu. So'nggi yillarda musulmon muhojirlar Amerikada islomiy moliyani tanishtirdi. Foizsiz qarz beradigan banklarni. Talab va qiziqish bor ekan, deydi tadbirkorlar, hamma narsaning yo'lini qilsa bo'ladi.


Nabi Sahak Virjiniya shtatidagi mana bu uyni 2010-yilda onasi uchun sotib olgan. Oilasini Afg’onistondan ko’chirib keldi, ko’p yillik orzusi nihoyat ushalib, uyli bo’ldi. Biroq unga erishish oson bo’lmadi. Islom asoslariga rioya qilib yashaydigan oila oddiy bankdan ipoteka olish va foizni to’lashni ma’qul ko’rmadi.

“Oilamdagilar bankdan ipoteka olishga qat’iyan qarshi edi,” - deydi Sahak.

Onasi ham buni tasdiqlaydi: “Biz musulmonmiz, biz uchun bu gunoh. To’g’ri kelmaydi”.

So’ngra Nabi Sahak Michigan shtatida joylashgan “Ijara Loans” nomli kompaniyadan darak topdi. Ota-onasiga aytib berdi. Islom tamoyillariga ko’ra moliyalaydigan bu kompaniya amerikalik musulmonlar bilan ishlaydi, uy sotib olmoqchi bo’lganlarga kredit beradi. Oilaga kompaniya ma’qul keldi.

“Yaqinlarim juda xursand bo’ldi. Axir, ham uyli bo’lish, ham islomga zid bo’lgan biror faoliyatga aralashmaslikni anglatar edi bu. Oilam shod bo’lganini ko’rsangiz!” - deydi Sahak.



Shariatga ko’ra ish yuritadigan bunday kompaniyalar AQShda bir nechta. Virjiniyadagi “Guidance Residential” – ulardan biri.

“Ko’plar bizdek kompaniya borligini bilib, xursand bo’ladi. Faoliyatimiz samara berib, Amerikada uy sohiblari orasida musulmonlar ko’paymoqda. Bu ijobiy hol,” - deydi kompaniya rahbari Hussam Qutub.

“Guidance Residential” kabi kompaniyalar shariatni inobatga olib, kontraktlar tuzadi va uy sotadi. G’arbcha ma’noda foiz olmaydi.

Musulmonlar imkoniyatlardan mamnun... Nabi Sahak uyida onasi va o'g'li bilan.
Musulmonlar imkoniyatlardan mamnun... Nabi Sahak uyida onasi va o'g'li bilan.
Taraflar orasida sotish yoki ijaraga olish, yoki bo’lmasa sheriklik haqida kontrakt tuziladi, deya tushuntiradi Jorjtaun Universiteti professori Babbak Sabohiy:

“Sotish deganda, islomiy bank muayyan aktiv, masalan, uyni xarid qiladi yoki kattaroq narxda sotadi, yoki sotib olish huquqi bilan ijaraga beradi. Sheriklik kontrakti esa ham bank, ham mijoz aktivni birgalikda sotib olishini anglatadi. Mijoz asta-sekin bank ulushini xarid qiladi, ya’ni bankdan qarzini uzadi va aktiv sohibiga aylanadi”.

Islomda, deya tushuntiradi mutaxassislar, savdodan foyda olish man qilinmaydi. Uy sohiblari bankka uy uchun balandroq narx to’lasada, foiz to’lamaydi.

“Bu joy bizga ma’qul. Ko’nglimiz ham xotirjam. Qayerga bormaylik, islomga to’g’ri keladigan kredit olganimiz haqida gapiramiz”, - deydi Nabi Sahak onasi.

O’tgan 10 yilni olib qarasak, shariat asosida uylar oldi-sotdisi 3 milliard dollardan oshmadi. Bu umumiy bozor bilan qiyoslaganda ancha kam. Biroq islomiy moliya kompaniyalari soni ko’paymoqda va ular amerikalik musulmonlar orzusining ushalishiga yordam berayapti.

Islomiy moliya/Sharia loans
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:20 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG