Breaking News

Nyu-Yorkda yirik bizneslarga qarshi namoyishlar davom etmoqda


O’tgan yil sentabr oyida Nyu-York moliyaviy markazi Uoll Stritda boshlangan norozilik namoyishlari hamon tinmagan. “Uoll Stritni egallang” nomini olgan bu keng ko’lamli harakat yirik korporatsiyalarga qarshi qaratilgan. Ular xususiy sektor va ularni quvvatlagan siyosatchilarni qoralaydi.

“Fayzer” (Pfizer) - dunyodagi eng yirik farmatsevtik kompaniyalardan biri. Namoyishchilar uni nishonga olmoqda. Kompaniyaning Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida yig’ilgan faollar “Fayzer” aslida besh tsentlik dorilarni 50 dollarga sotadi, deydi.

Stiv Auerbax - pediatr-shifokor:

“Amerikaliklarga dori boshqa rivojlangan mamlakatlarga qaraganda 2-4 barobar qimmatga tushadi. Kanadada ayni dorilar ikki baravar arzon. Yangi Zelandiyada esa biz berayotgan pulning to’rtdan bir qismini to’lashadi”.

Mana bu namoyishchining qo’lida soxta dollarlar solingan chamadon. Yirik korporatsiyalar qonunchilarga pul to’lab, o’z tarafiga og’diradi, bundan siyosiy foyda ko’radi, deydi u. Bu fuqarolar Vashingtonda o’tirgan siyosatchilarga lan’atlar aytmoqda.

Gebriel Jonson - namoyishchilardan biri:

“Maxsus tashkilotlar bor, korporatsiyalar ta’sis etgan. Kerakli qonunlar qabul qilinishini ta’minlash maqsadida”.

Amerika Qonunchilik Almashinuvi deb nomlangan tashkilotning maqsadi - erkin bozor, erkin iqtisod va cheklangan hukumat uchun kurash.

Omma yirik banklardan ham norozi. Faollar deydiki, bu banklar qarzni qaytara olmasligini bila turib, odamlarga katta miqdorda kredit bergan.

Faollardan biri Entoni Robledo:

“Keyin esa bank ipotekaga olingan uylarni tortib oldi. Har bir amerikalik uyga ega bo’lishni xohlaydi. Bank esa bu orzuni pulladi. Bular yirik bizneslar”.

Butun mamlakat bo’ylab shu hol: amerikaliklar xususiy sektor, ular ortidagi siyosatchilar va lobbichilar, ya’ni targ’ibotchilardan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG