Ularning o'rtacha yoshi 26 da. 86 foizi erkaklar. Aksariyati Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Ammo bundan boshqa ularni birlashtiradigan umumiy jihatlarni topish qiyin. Gap "Islomiy davlat" guruhining AQShdagi tarafdorlari haqida ketmoqda. Bu haqda yaqinda yangi tadqiqot natijalari e'lon qilindi.
"Amerikada IShID: Tvitlardan Raqqagacha" deb nomlangan yangi hisobotda Jorj Vashington universiteti tadqiqotchilari jangari guruhning AQShdagi kichik, ammo faol tarafdorlarini o'rgandi.
Sud hujjatlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda Amerika rasmiylari bayonotlarini olti oy davomida tadqiq qilgan guruh bunday toifaga mansub odamlarning umumiy jihatlarini topishga qiynaldi. Ular xulosasiga ko'ra, terrorchi guruh muxlislari rang-barang va ularni bu yo'lga jalb qilgan omillar ham ko'p.
"Qo'shma Shtatlarda IShIDga aloqador ishlarga aralashgan shaxslarning irqi, yoshi, ijtimoiy darajasi, ta'limi va oilaviy kelib chiqishi turli xil, - deyiladi hisobotda. - Ularning maqsadlari ham farqli va oson bir qolip bilan tushuntirib bo'lmaydi".
Demografik tarkibi
2014-yil martdan beri 21 shtatda 71 kishi IShIDga aloqador jinoyatlarda ayblangan. Guruhga xayrixohlik shubhasi bilan jami 900 ta ish ochilgan. Hibsga olinganlar yoshi 15 dan 50 gacha.
Aksariyati erkaklar bo'lsa-da, ayollar soni ham oshib borayotgani kuzatilgan. Hisobot xulosasiga ko'ra, AQShda IShID targ'iboti bilan shug'ullanayotgan 300 ta ijtimoiy tarmoq sahifalarining uchdan bir qismi ayollarga tegishli.
Odamlarni terrorchi to'daga jalb qilayotgan sabablar shaxsiy va mafkuraviy ekani aniqlangan. Radikal dindorlar ham ko'p. 40 foizini islomga boshqa dindan o'tganlar tashkil qilgan. Boshqalar esa hech bir diniy tajriba yoki bilimga ega bo'lmagan sarguzashttalab shaxslar.
Amerika madaniyatiga qo'shila olmasdan yoki siyosiy sabablarga ko'ra guruhga ergashganlar ham bor. Yoki hayotida katta shaxsiy fojeani boshdan kechirib IShIDga xayrixoh bo'lib qolganlar mavjud.
Tahdid darajasi har xil
AQShdagi IShID tarafdorlari orasida aniq bir ishga qo'l urish istagida yurganlar ham, shunchaki guruhni ma'qullab, amaliy choraga o'tish niyatida bo'lmaganlar ham bor.
2015-yil kuzigacha 250 odam jangari guruhga qo'shilish uchun Iroq yoki Suriyaga otlangan yoki safar qilishga uringan. AQSh tuprog'ida xurujlar rejalaganlar ham bor. Ayrimlari hatto guruh ichida o'rtacha darajadagi lavozimlarga ko'tarilgan.
Ammo bu shaxslarning aksariyati hech qachon amaliy ish qilishga o'tmaydi, deydi hisobot mualliflari.
"Ba'zilar vaqt o'tib o'spirinlikdagi bu qarashlardan butunlay voz kechsa, boshqalar terror hujumlarini amalga oshirish uchun o'zlarida iroda topa olmaydi. Boshqa bir toifa shaxslar esa kundalik tashvishlar bilan band", - deyiladi hisobotda.
Qarshi choralar
"Islomiy davlat" faoliyatida ijtimoiy tarmoqlarning o'rni katta. Odam yollashda, Yaqin Sharqqa kelishga undashda yoki turgan joyida xurujlarni amalga oshirishga chaqirishda bunday saytlar muhim vazifani bajarmoqda, deydi tahlilchilar.
Amerikaliklar guruh ta'siriga tushib qolishining oldini olish uchun radikal g'oyalarga qarshi munosib javob berish, razvedka faoliyatini kuchaytirish hamda huquq-tartibot idoralarining taktikasini o'zgartirish kerak, deya tavsiya qiladi hisobot mualliflari.
Afsuski, deyiladi hisobotda, zo'ravon ekstremizmga qarshi kurash uchun ajratilgan resurslar yetarli emas va bunday dasturlarga mablag'ni zudlik bilan ko'paytirish kerak.