Breaking News

AQShda o'lim hollarining uchinchi eng katta sababi - tibbiy xatolar


AQShda o'lim hollarining uchinchi eng katta sababi tibbiy xatolardir. Jons Xopkins Universiteti tadqiqotchilariga ko’ra, shifokorlar xatosi tufayli yiliga 250 ming odam hayotdan ko’z yumadi.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish davlat markazi o’lim sabablari bo’yicha statistika olib borsa-da, tibbiy xatolar alohida sabab sifatida hisob-kitob qilinmaydi.

"Yanglish diagnoz natijasida bemorlarning o’lishi statistikada aks etmaydi. Tibbiy xizmat ko’rsatilayotganda bemordan kattaroq pul undirish ko’zda tutilgan, ammo statistik ma’lumotlarni to’plash emas”, - deydi Jons Xopkins Universiteti professori, sog’liqni saqlash sohasidagi islohotlar bo’yicha nufuzli mutaxassis Martin Makari.

Statistik ma'lumotlarni to’plash metodikasi 1949-yilda qabul qilingan va o’zgartirilishi kerak, deydi mutaxassislar.

"Tashxisda xatoga yo’l qo’yilishi mumkinligi haqida o’sha paytda hech kim o’ylamagan. Shu bois bu borada hisob-kitob olib borish amaliyoti hech qachon yo’lga qo’yilmagan”, - deydi Makari.

Izlanish mualliflari 2000-2008 yillar orasida qayd etilgan o’lim hollari hamda 2013-yilda odamlarning kasalxonaga yetkazilishi hollarini o’rgandi va tahlil qilib chiqdi. Xulosalarga ko’ra, bu davr ichida 35,4 million odam kasalxonaga yotqizilgan. Ulardan chorak millioni tibbiy xatolar oqibatida o’lgan.

Bu esa har yili AQShda olamdan ko’z yumadiganlar sonining 9,5 foizi degani.

2013-yilda o’limlarning birinchi sababi yurak xastaliklari bo’lgan. Ikkinchi o’rinda - saraton, uchinchida esa nafas olish yo’llari kasalliklari. Endi esa tibbiy xatolar uchinchi o'ringa chiqdi.

“Hozirda saraton va yurak xastaliklarga katta e’tibor qaratiladi, ularga qarshi kurash uchun katta mablag’ ajratiladi. Ammo tibbiy xatolar bu ro’yxatda yo’q ekan, chora ko'rilmaydi, tadqiqotlar o’tkazilmaydi va mablag’ ham ajratilmaydi”, - deydi Makari.

Ammo tibbiy xatolar doim ham shifokor ishini bilmaydi degani emas.

“Bu sog’liqni saqlash tizimidagi xatolarni, shu jumladan tibbiy xizmat ko’rsatilayotgandagi va sug’urtaning amal qilishidagi uzilishlar, tibbiy personalning qoidalarga rioya qilmasligi, bemorni davolayotgan shifokorlarning ish uslubi o’zgarishi, ularning javobgarligi yetarlicha nazorat qilinmasligini angtaladi”, - deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG