Qo'shma Shtatlar Tel-Avivdagi elchixonasini Quddusga ko'chirish haqida hali bir qarorga kelmagan. Davlat kotibi Reks Tillersonning aytishicha, Prezident Donald Tramp masalani obdon o'rganib chiqadi.
"Prezident mintaqadagi barcha manfaatdor tomonlar fikriga, jumladan, Isroilga quloq tutadi. Elchixonani ko'chirish tinchlik muzokaralariga qanday ta'sir etishini hisobga olamiz", - deydi bosh diplomat.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ham zudlik bilan bayonot chiqardi.
"AQSh elchixonasi Quddusda bo'lishi tinchlik jarayoniga zarar qilmaydi. Aksincha, uni olg'a surishga xizmat qiladi. Quddus Isroil poytaxti emasligi haqidagi falastinliklar xomxayolini yo'qqa chiqarish kerak", deyiladi unda.
Hozirda dunyoning hech bir davlati Quddusda o'z elchixonasiga ega emas. Isroil shaharni 1967-yilda bosib olgan va uni butunligicha o'ziniki deb biladi. Falastin bo'lajak davlati uchun Sharqiy Quddusni poytaxt sifatida mo'ljallab qo'ygan.
Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirishni va'da bergan edi, lekin uni bajarishga shoshmayapti.
Kelasi hafta Yaqin Sharqqa safari chog'ida Tramp ham Isroil, ham Falastin rahbarlari bilan uchrashadi.