AQShning NASA, Fazo tadqiqotlari agentligi tomonidan uchirilgan “Tong” raketasi Serera (Церера) sayyorasiga yetay deb qoldi. Muz bilan qoplangan bu jajji planetada hayot bo’lganmi?
Serera va yana bir sayyorani o’rganish maqsadida “Tong” raketasi uchirilganiga yetti yildan oshdi.
NASA xodimi Mark Reymen:
“So’nggi 57 yilda ilk bor Yerdan shu qadar olisda bo’lgan ikki planetani o’rganish uchun raketani safarbar etdik”.
Bu ikki manzil – Vesta va Serera. Mars va Yupiter o’rtasidagi asteroidlar kamarida joylashgan.
Boshqaruv markazidan turib olimlar fazo kemasiga har bir soniyada yo’l-yo’riq uzatib turibdi. Jumladan, qanday tezlikda harakatlanishi, qanday suratlar olishi bo’yicha.
Raketa Sereraga yaqinlashgan sari Yerga yuborilgan eng yangi rasmlardan biri bu. Ilk xulosa shuki, mitti sayyora muz bilan qoplangan toshdan iborat.
Uning orbitasiga kirib, atrofida aylana boshlagach, keyinchalik bu o’zga dunyoning to’liq xaritasini tuzish rejalangan.
Serera tarkibini, bu planetadagi o’zgarishlarni, unda hayot bo’lganmi, yo’qmi, aniqlashga harakat qilamiz, deydi missiya rahbarlaridan biri Kerol Reymond.
“Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan Serera va shunga o’xshash boshqa muzli jismlarni o’rganishga qiziqish kuchli, chunki ular boshqa sayyoralar bilan to’qnashganda o’zi bilan katta hajmda suv olib keladi. Shunday ekan, Serera kabi asteroidlar Yerdagi, okeanlarimizdagi suvning asosiy manbai bo’lib xizmat qilganmikan? Hozir barcha olimlarni qiziqtirayotgan savol shu.”
Bundan 3-4 yil avval Vesta protosayyorasida qiziq bir kashfiyot qilindi.
“Olimlarni hayratga solgan narsa shu bo’ldiki, atmosfera bo’lmagani sabab quppa-quruq deb taxmin qilingan Vesta sirtida, ko’rinishidan, bir paytlar ko’lmaklar bo’lgan. Balki bir vaqtlar u yerda oqar suv ham bo’lgandir,” - deydi Reymond.
Agar sayyoramizga suv Serera kabi dunyolardan kelgan bo’lsa, deydi olima, demak ularda ham hayot bo’lganini taxmin qilish mumkin.
“Tong” raketasi Sereradagi muhit hayot uchun mos ekanini aniqlasa, bu gipotezani tekshirib ko’rish uchun yangi missiyalarga yo’l ochiladi.
Raketaga kelsak, u Sererada 2016-yilning yozigacha ma’lumot to’playdi. So’ngra mitti sayyorani abadiy aylanishda davom etadi.