Breaking News

NASA yangi raketa ustida ishlamoqda


2011-yilda AQSh kosmik dasturlari nihoyasiga yetgan edi. O’shandan buyon NASA Fazoviy tadqiqotlar agentligi Xalqaro kosmik stansiyasiga chiqish uchun Rossiya raketalaridan foydalanib keladi. Ayni vaqtda yangi kosmik loyihalar ustida ish boshlangan. Fazogirlarni maxsus kapsulada Yer orbitasidan nariga, asteroidlar va hatto Marsga uchirish ko’zlanmoqda.

Alabama shtatida Jorj Marshall nomli parvozlar markazi joylashgan. Bu yerda injenerlar asosiy raketani Yerning tortish zonasidan chiqarib yuboradigan maxsus moslama ustida ishlamoqda.

Bu insoniyat tarixidagi eng katta va kuchli raketa tashuvchisi bo’ladi.

Sistema asosiy raketa hamda yonilg’ida ishlaydigan ikki busterdan iborat bo’ladi. Maqsad “Orion” kapsulasida fazogirni eng olis manzillarga eltish.

Raketa ko’tarilganda shovqin shu qadar kuchli bo’ladiki, tovush to’lqinlari uni ishdan chiqarishi mumkin.

Shu sababli NASA muhandislari raketa maketini yasab, suvga asoslangan tovushni pasaytirish sistemasini sinab ko’rmoqda.

“Tajribadan bilamizki, motorning gulduros shovqini mashina dizayni va atrof-muhitga zarar yetkazishi, ehtiyot qismlar uzilib tushishi mumkin. Shuning uchun sinov juda muhim,” - deydi injener Daglas Kaunter.

Laboratoriyalarning birida sistemaning tarkibiy qismlari yig’ilyapti. Ular so’ngra raketaga o’rnatiladi va barcha qismlarini nazorat qiladi.

“Bu raketaning miyasi va asab tizimidek gap. Parvozni boshqaradigan kompyuterlarni miya bilan qiyoslash mumkin. Turli ma’lumotlar to’plash sistemalari, datchiklar va kompyuterlar, hammasi bir-biriga bog’langan”, - deya tushuntiradi muhandis Kurt Jekson.

Kongress NASAning kelasi yilgi byudjetini hali tasdiqlaganicha yo’q. Shu bois agentlik ishlatilmagan komponentlar, masalan eski shattllar uchun yasalgan motorlarlardan foydalanib, xarajatlarni kamaytirmoqda. Loyiha menejeri Gari Benton:

“Eski apparatlarimizdan 16 ta RS-25 motori qolgan. Juda kuchli va sifati a’lo bo’lgani uchun ularni yangi tizimning to’rtta birinchi parvozida ishlatishga qaror qildik”.

Mississippidagi sinov maydoni eski, “Apollon” raketalari davrida qurilgan. Ammo loyiha menejeri Richard Raukning aytishicha, u yerda turli moslamalarni sinash mumkin.

“Bu maydondagi infratuzilmani biroz o’zgartirayapmiz, yangilayapmiz. Yonilg’i tizimi va boshqa qismlarini yangi raketa uchiruvchi sistemaga moslashtiramiz”.

Luiziana shtatida esa uzunligi deyarli 100 metrga teng raketaning boshqa qismlari yasalmoqda. NASA muhandislari va “Boing” kompaniyasi shu maqsadda maxsus payvandlash asboblarini ixtiro etdi.

Fazo agentligiga ko’ra, yangi sistema samoga ham odamlarni, ham yukni olib chiqish imkonini beradi. Tayyorgarlik bosqichi 2016-yilda boshlanadi va ilk parvoz 2017-yilga mo’ljallangan. Ammo kabinada fazogirlar bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG