Breaking News

AQShda yangi Kongress ish boshladi


AQShda yangi Kongress ish boshladi. Yangi vakillar, shuningdek, qayta saylangan qonunchilar qasamyod keltirdi.

Yangi Kongress, eski muammolar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:46 0:00
Yuklab oling

Respublikachilar partiyasi hukmron Vakillar Palatasida Jon Beyner ko’pchilik ovoz bilan spikerlik lavozimini saqlab qoldi.

113-Kongress byudjet, immigratsiya va qurol nazorati kabi muhim masalalar yuzasidan bahslar avjiga chiqqan bir paytda ish boshlamoqda. Senat demokratlar qo’lida, Palata esa respublikachilar. Ikki partiya o’rtasidagi tafovutlar bag’oyat chuqurlashgan.

Byudjet va soliqlar yuzasidan ko’p yillik bahslar so’nggi daqiqada hal bo’lganidan ko’pchilik yengil tortdi.

Soliqlar hamma uchun oshishi va xarajatlar keskin qisqartirilishi iqtisodni yana bir tanazzulga yetaklaydi, deb ogohlantirgan edi mutaxassislar. Oq uy va Kongress o’rtasidagi kurashning boshlanishi bu hali.

Cheksiz siyosiy bahslar yangi yilga kirib borgunga qadar va undan keyin ham davom etib, prezident Barak Obama va muxolifat, Kongressdagi respublikachilar oxir-oqibat kelishuvga erishdi. O’rtahol oilalar uchun soliq oshmaydigan bo’ldi.

Lekin respublikachilar federal hukumat xarajatlarini kamaytirish qarorida qat’iy. Ikki hukmron partiya byudjetning har bir bandi bo’yicha to’qnashmoqda.

Navbatdagi janjal kelasi oy boshlanishini kutavering. Xorijdan qarz olish miqdorini oshirish uchun Kongressning ruxsati kerak.

Prezident Obama respublikachilarni ogohlantirib qo’ydi:

“Kongress bilan juda ko’p masalalarda tortishamiz, lekin AQSh o’z moliyaviy majburiyatlarini bajarishi shart. Bu borada yana bir bahsga hojat yo’q”.

O’tgan yili “Standard & Poor’s” moliya agentligi ana shu kelishmovchilik sabab AQSh kredit reytingini bir pog’ona pasaytirgan edi.

Respublikachi kongressmen Spenser Bakus so’nggi kelishuvda sarfiyatni kamaytirish haqida jiddiy takliflar yo’qligidan norozi.

“AQSh qarzi har kuni to’rt milliard dollarga oshayapti”, - deydi u.

Qonunga binoan, mudofaa va ijtimoiy programmalarga ajratiladigan mablag’ avtomatik ravishda kesilishi kerak. Yangi yilda erishiligan bitim buni ikki oyga kechiktirdi xolos. Demak, achchiq bahslar hali oldinda…

Ronald Reygan prezidentligi davrida Oq uyda ishlagan Ken Dubershteynga ko’ra, respublikachilar kelasi to’rt yil prezident Obama bilan ishlashga majbur, buni tan olish kerak. Lekin mavjud muammolar yechimi Obamadan ham muxolifat bilan til topishishni taqozo etadi.

“Ikkinchi muddatga saylangan prezidentlar ham “mening aytganim bo’ladi, bo’lmasa katta ko’cha” deb ayta olmaydi. Murosaga borish, yon berish lozim”, - deydi sobiq rasmiy.

To’g’ri, prezident Obama o’tgan yili noyabr saylovlarida raqibidan uch million ko’proq ovoz to’plab g’alaba qildi. Biroq respublikachilar Vakillar Palatasida ko’pchilik o’rinni saqlab qolgani bilan faxrlanadi.

Virjiniya Universiteti professori Larri Sabatoning aytishicha, oldinlari saylovda g’alaba qilgan prezident xalq nomidan gapira olaman deb dadil tashabbuslar bilan chiqishi va ularni Kongressdan o’tkaza olishi oson edi. Ammo hozir zamon boshqa, deydi olim.

Siyosiy jihatdan ikkiga bo’lingan Kongress qurol nazorati va immigratsiya kabi boshqa muhim masalalar bilan ham shug’ullanishi kerak. Obama ikkinchi muddati davomida bularni prioritet deb belgilagan.

Konservativ tahlilchi Skott Fokner fikricha, Vashingtonda siyosiy muhit shunaqaki, muammolar orqaga suriladi yoki vaqtinchalik yechiladi.

“Qonunchilar mamlakat ertasini o’ylayotgani yo’q, ular doimo qayta saylanish g’amida. Safsatabozlikdan, o’z manfaatini birinchi o’ringa qo’yish kabi illatlardan qutulish kerak”, - deydi Fokner.

Tarixchilarga ko’ra, AQSh Kongressi hozirgi darajada qubtlashgan davrni eslash qiyin. Demokrat va respublikachilarning qarashlari siyosiy, falsafiy jihatdan keskin farq qiladi.

So’nggi yillarda qonunchilik organida sentristlar kamayib, radikal pozitsiyadagi, murosani o’z partiyasiga xiyonat deb biladigan arboblar ko’paygan. Eng o’tkir muammolar ham yechilmay qolayotgani shundan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG