Breaking News

Tramp Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashmoqchi


AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlaring ehtimoliy uchrashuvi Janubiy Koreya gazetalarida karikatura qilindi.
AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlaring ehtimoliy uchrashuvi Janubiy Koreya gazetalarida karikatura qilindi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp may oyigacha Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashmoqchi. Tomonlar Pxenyanning yadro dasturi yuzasidan muzokara olib borishi aytilyapti.

Kutilmagan yangilik Janubiy Koreyaning Milliy Xavfsizlik idorasi rahbari Chon Ey-yon tomonidan e’lon qilindi. U shu hafta boshida Pxenyanga tashrifi davomida olib borilgan diplomatik muloqot natijalarini gaplashish uchun AQShga keldi. U Trampga Shimoliy Koreya rahbarining tashrifga oid taklifini ham yetkazgan.

“Prezident Tramp muloqot haqidagi ma’lumotlarni qadrlashini va yadro dasturiga doimiy yakun yasash uchun maygacha Kim Chen Un bilan uchrashishini aytdi. Koreya Respublikasi AQSh, Yaponiya va dunyodagi boshqa ko’plab hamkorlari bilan birgalikda Koreya yarimorolining mutlaqo yadrodan xoli hudud bo’lishini xohlaydi”, - dedi Janubiy Koreya rasmiysi.

Shimoliy Koreyaga qo’llangan kuchli sanksiyalar yangi kelishuvga erishilguncha kuchda qoladi, dedi Tramp “Twitter” orqali yozgan xabarida.

“Kim Chen Un Janubiy Koreya vakillari bilan yadro dasturini shunchaki muzlatish haqida emas, balki butunlay to’xtatish to’g’risida gaplashdi. Bu orada hech qanday raketa sinovlarini o’tkazmaslik haqida ham. Katta o’zgarish bor, lekin kelishuvga erishilguncha sanksiyalar kuchda qoladi. Uchrashuv rejalanmoqda”, - deb yozdi Tramp.

AQShning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi Kristofer Hilning aytishicha, bu e’lon kutilmagan voqea va uning qanday yakun topishi esa xavotirli.

“Donald Tramp haqida hamma narsa g’alati. Bunday muzokaralarni o’tkazish haqida shimoliy koreyaliklar bilan to’rt yil ishlaganman. Lekin so’nggi bir necha soatda yuz bergan voqea oldida bu ishlarim hech narsa bo’lmay qoldi. Bu qanday amalga oshishini ko’rishimiz kerak. Bizda qoidalar bo’yicha ishlashni xush ko’rmaydigan prezident bor. Shimoliy Koreyadagi Kim Chen Un haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. Bu miriqib tomosha qilishga arziydigan voqea”, - dedi u.

Yadro dasturini to’xtatishga oid ehtimoliy muloqot yarimorolda yuzaga kelgan siyosiy inqirozni bartaraf etishga xizmat qilishi mumkin. So’nggi ikki yilda Pxenyan yadro va raketa sinovlarini kuchaytirib, butun mintaqada urush xavotiri oshishiga sabab bo’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG