Nyu-York. Mana 150 yildirki bu shaharda ot-aravalar qatnaydi. Bugungi kunda ular asosan mashhur istirohat bog’i - Markaziy parkni aylanmoqchi bo’lganlarga muntazir. Bill de Blazio shaharning yangi meri etib saylanganidan buyon ot-aravalarga qarshi kampaniya avj olgan. Jonivorlar azoblanmoqda, deydi hayvonlar huquqlari himoyachilari.
59-ko’cha bo’ylab qator ot-aravalar… Yarim soat uchun 50 dollar to’lab, Markaziy parkni aylanishingiz mumkin.
Biznes muayyan qoidalarga ko’ra yuritiladi. Otlarning kuniga necha soat va qanday ob-havoda ishlashi – hammasi aniq. Bu jonivorlar dam olish uchun yiliga besh haftaga qiru-adirlarga yuboriladi. Aravakash Konor Makxyu shahardagi otxona boshqaruvchilaridan biri.
“Otlar shunchaki parkda aylanib yuradi. Hech qanday qiyin mashqlar qilishga majburlanmaydi, tomosha ko’rsatmaydi. Hayvonlar uchun bu oson. Baquvvat ishchi ot uchun aslida juda yaxshi, yengil hayot bu,” - deydi u.
Ammo huquq faollari ba’zida bo’lib turadigan halokatlarga urg’u beradi. Bu shafqatsiz biznes, deydi ular. Otlar shahar ko’chalarida yuradi, deyarli yil bo’yi shu yerdagi otxonalarda, vaholanki ular dalada boqilishi kerak, deydi tanqidchilar. Ular orasida eng ko’zga ko’ringan shaxs – Nyu-Yorkning yangi meri Bill de Blazio. Otlar masalasini hal qilishga so’z bergan siyosatchi.
“Biz zudlik bilan ot-aravalarni Nyu-York shahridan yo’q qilishimiz kerak. 2014-yildagi manzaraga ham to’g’ri kelmaydi ular. Insoniylikdan ham emas. Bu amaliyotni darhol tugatamiz,” - degan edi Nyu-york meri.
Mashhur xonanda Pink ham ot-aravalarga qarshi.
“Har gal avtomobillardan chiqqan tutunda nafas olayotgan, ko’zlari bog’langan otlarni ko’rsam, bu jonivorlarning zaharli gazlar bilan nafas olayotganini o’ylasam, yuragim eziladi”.
Ammo qarshilikka qarshilar ham kam emas.
‘Mer de Blazio otxonalarni men bilan borib ko’rish taklifimni rad etganidan afsusdaman”.
Kinoaktyor Liam Nison ot-aravalarni quvvatlovchi filmga ovoz bergan.
“Har yili otxonalarni borib ko’radigan mol doktorlarning tasdiqlashicha, u yerdagi vaziyat yaxshi…” ,- deyiladi filmda.
Ayrim manbalarga ko’ra, Bill de Blazio ot-aravalarga qarshi kurashayotgan eng yirik tashkilotdan saylovoldi kampaniyasi uchun 50 ming dollar olgan.
Bu tashkilot ot-aravalar o’rniga antiqa avtomobillardek yasalgan va elektr tokida yuradigan mashinalardan foydalanishni taklif qilmoqda.
Markaziy park rahbariyati bunga qarshi.
Ommaviy so’rovlarda aksariyat nyu-yokrliklar ot-aravalarni qo’llab-quvvatlashini bildirgan.