Breaking News

Filippinda AQSh harbiy bazalari ko’payadi


Xitoyning o’sib borayotgan harbiy qudratidan xavotirga tushgan Filippin bir nechta harbiy bazasini AQSh qurolli kuchlariga foydalanishga berishga qaror qildi. Ayni paytda Amerikaning Filippinda beshta harbiy bazasi mavjud.

Xalqaro hayot - 29-dekabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:59 0:00

Filippin shimolidagi Kamilo Osias harbiy-dengiz bazasi AQShga topshirilayotgan to’rtta qo’shimcha bazadan biri bo’lib, uning hozirgi ahvoli harbiy faoliyat olib borishga imkon bermaydi. AQSh inshootni yangidan qurib, zarur infratuzilmani tartibga solishi, to'rtta yangi bazani ta’mirlash va zamonaviylashtirishga 82 million dollardan ko’p pul sarflashi kutilmoqda.

Filippin Senatining sobiq prezidenti nomi bilan yuritiluvchi ushbu baza Tayvanga yaqinligi bilan ahamiyatli. Xitoy Tayvanni o’z hududi deb biladi va uni o’ziga qo’shib olish niyatini yashirmaydi.

Joriy yilda AQSh va Filippin mudofaa bobidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Mahalliy hokim Manuel Mamba uning viloyati harbiy nishonga aylanishidan xavotirda.

“Pyorl Xarborga hujum ketidan 10 soat o’tib, Yaponiya bizga ham hujum qilgan, chunki bizda AQSh qo’shinlari bor edi. Hozir ham shunday bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi Kagayan viloyati gubernatori.

Filippin 1946-yildan beri mustaqil davlat. Ungacha 7500 ta oroldan iborat mamlakatni Ispaniya, Yaponiya va AQSh boshqargan.

Mahalliy xalq noroziligi sabab 1992-yilda AQSh orolda so’nggi doimiy harbiy bazasidan ayrilgan. 2000-yildan so’ng ikki mamlakat aloqalari tiklandi, Amerika harbiylari Filippinga qatnab turadi, ikki mamlakat har yili harbiy mashg’ulotlar o’tkazadi.

Yangi harbiy kelishuvga ko’ra, hozirgi bazalar doimiy maqomga ega emas. Manila Vashingtondan harbiy modernizatsiyani tezlashtirishda yordam olmoqda.

“Armiyamiz salohiyati yaxshilangan, ammo yetarlicha emas. Xitoy bilan hududiy tortishuvlar mavjud ekan, harbiy salohiyatni kuchaytirishda davom etish kerak”, - deydi Filippin Milliy xavfsizlik kengashi raisining muovini Jonatan Malaya.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizini o’ziniki deb bilarkan, unda harakatlanayotgan Filippin kemalarini bezovta qilib turadi. Manila AQSh bazalari Xitoyning ekspansionistik maqsadlariga g’ov bo’lishiga umid qilmoqda.

“Orollarning birinchi zanjiri muhimdir. Tayvan va Filippin orollarning birinchi zanjiri hisoblanadi. Amerikalik harbiylar Filippinga kelib tursa, Xitoyga muammo bo’ladi”, - deydi Malaya.

Pekin kelishuvni keskin tanqid qilmoqda, Filippin suverenitetini buzayotganini da’vo qiladi. Manila bunga qo’shilmaydi.

“Bu Xitoy propagandasi. Qilayotgan ishimizni izdan chiqarish uchun. Kelishuv bizga foyda keltiradi. Shunisi muhim”, - deydi Filippin qurolli kuchlari so’zlovchisi polkovnik Medel Agilar.

Kamilo Osias bazasi atrofida yashovchi aholi uning amerikaliklarga berilishi qanday ahamiyatga ega ekanini, balki Osiyo xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o’ynashini hozircha bilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG