10 mamlakat rahbarlari Indoneziyada ASEAN nomi bilan tanilgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasining 43-sammitida uchrashmoqda. 1967-yilda tashkil etilgan ASEAN Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida iqtisodiy va xavfsizlikka oid hamkorlikni amalga oshiradi. Ular yiliga ikki marta uchrashib, o’zaro savdodan tortib, inson huquqlari bilan bog'liq muammolargacha muhokama qiladi.
Aʼzo davlatlar yigʻilishlarga raislik qilish uchun har yili rotatsiyadan o’tadi. Indoneziya 2023-yilda mezbonlik rolini oʻz zimmasiga olgan. Bu yilgi sammit uchun asosiy muhokama masalalari Myanmadagi 2021-yilgi harbiy toʻntarish, barqaror oʻsishni oshirish va blokka aʼzo boʻlmagan yagona janubi-sharqiy Osiyo davlati Sharqiy Timorni to’liq a’zolikka qabul qilishdan iborat. A'zolar, shuningdek, mintaqada blokning ta'sirini oshirish bo'yicha 2019-yilgi rejani ham muhokama qiladi.
ASEAN qarorlari a'zo davlatlar o'rtasida o'zaro konsensus orqali qabul qilinadi. Bu qarorlar a'zolarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga asoslanadi. Tanqidchilarga ko’ra, bu tashkilotni zaifashtiradi va ASEAN qaror qabul qilishda yanada qat'iyroq rol o'ynashi kerak.
Blokning Myanmadagi fuqarolar urushiga sekin javob bergani ham tanqidga uchradi. Mamlakat 2021-yil fevraldagi davlat to'ntarishidan beri harbiy boshqaruv ostida bo'lib, bu demokratik islohotlarga bo'lgan umidlarni yo'qqa chiqardi va oddiy xalq ahvolini yanada og’irlashtirdi. ASEAN harbiy xunta bilan 2021-yil aprel oyida zo‘ravonlikni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi, ammo shu kungacha xunta erishilgan “Besh nuqta kelishuvi”ni amalga oshirgani yo’q.
Shunga qaramay, blok tarafdorlari ittifoq so'nggi oltmish yil ichida a'zo davlatlar o'rtasidagi diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash uchun ko'p ishlarni amalga oshirganini ta'kidlaydi.
Bugungi kunda ASEAN ichidagi savdo tariflari amalda nolga teng. ASEAN davlatlari umumiy yalpi ichki mahsuloti taxminan 2,6 trillion dollarni tashkil etadi. Bu esa blokni Osiyoda uchinchi va dunyoda yettinchi eng yirik iqtisodiyotga aylantirgan.
Sentabrdagi sammitda rasmiy muhokamadan butunlay chiqarib tashlanishi kutilayotgan masalalardan biri - asosiy yuk tashish yo'lagi bo'yicha keng qamrovli Pekin da'volari yuzasidan Janubiy Xitoy dengizida davom etayotgan hududiy nizolar.
2016-yildan buyon global savdoning 20 foizdan ortig‘i ushbu suvlar orqali o‘tadi va dunyodagi baliq ovlash kemalarining yarmidan ko‘pi ham shu hududda ishlaydi.
ASEAN a'zolari Xitoyning mintaqa bo’yicha kuchayib borayotgan da’volari haqida ikkiga bo'lingan. Ayrim davlatlar, jumladan, Tailand va Filippin ushbu muammoga munosib javob berish uchun AQSh bilan dengiz harbiy hamkorligini kuchaytirgan bo'lsa, boshqa davlatlar "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusi orqali Xitoyga tobora iqtisodiy qaramlikni oshirib bormoqda.