Breaking News

Siyosat va siyosatchilarni savolga tutadigan hajviy shoular


Siyosatchilarni savolga tutadigan shoular
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:45 0:00

Amerikada satira - siyosatning ajralmas qismi. Omma sevib tomosha qiladigan tungi shoularda qiziqchilar jiddiy muammolarga e’tibor qaratadi, dolzarb mavzularni sharhlaydi, jamiyatda siyosiy fikrni shakllantiradi.

Tungi hajviy shoularni Qo’shma Shtatlarda maza qilib tomosha qilishadi. Hech bir mavzu va hech bir siyosatchini ayab o’tirishmaydi.

Masalan, kulgi ustasi Stiven Kolberning shousi eng mashhurlaridan. Uning prezident va boshqa siyosatchilar haqidagi mulohazalari millionlab tomoshabinga ega. “CBS” telekanalida namoyish etiladigan tungi dastur ko’pchilik uchun ham hajviya, ham siyosiy yangiliklar manbai.

“Bugungi kunda yangiliklarga askiya qo’shmasangiz, odam jinni bo’lib qoladi”, - deydi tomoshabinlardan biri.

“Stiven Kolber avvalgi qiziqchilarga qaraganda fikrini dadilroq aytadi. Ilgari neytral bo’lish muhimroq edi, nazarimda. Menga uning dangalligi, hamma narsani ro’yirost aytishi yoqadi”, - deydi yana bir muxlis.

“Bugun dunyoda sodir bo’layotgan voqealarni inobatga oladigan bo’lsak, yangiliklarni birov sizga hazil bilan qorishtirib yetkazsa, ko’rish osonroq”, - deydi bir tomoshabin.

Yana bir kulgi ustasi Jon Styuart 2015-yilgacha satirik yangiliklar dasturini olib borib, jurnalistik mukofotlarga sazovor bo’lgan. U hamon faol. Masalan, shu yili yozda Styuart Kongressda so’zlab, qonunchilarni 2001-yilgi terror xurujlari jabrdiydalariga kompensatsiya to’lashga undadi. Qonun ovozdan o’tdi.

Vashingtondagi “Newseum” axborot muzeyida yaqinda Jon Styuartga bag’ishlangan ko’rgazma ochildi.

“Jon Styuart va Trevor Noa kabi siyosiy qiziqchilar katta ta’sir kuchiga ega. Ko’plab yosh komiklar Styuartdan ilhom oladi. Ular jiddiy masalalarni yumor orqali ochib beradi, sharhlaydi. Butun bir avlodning axborot olish va undan qanday foydalanishga oid yondashuvi o’zgardi”, - deydi muzey xodimi Petti Rul.

Hajviy shou bo’lsa-da, Styuart yangiliklarga jiddiy yondashar, faktlarni tasdiqlash va izlanish uchun bir guruh jurnalistlar uning qo’lida ishlar edi.

“Styuartning Kundalik shousi AQShda siyosiy hajviyaga katta ta’sir ko’rsatdi. Albatta, jiddiy muammolarni kulgiga olgan boshqa ko’rsatuvlar ham bor edi. Ammo Jon Styuart dasturni olib borgan 16 yil davomida to’rt siyosiy kampaniya, ikki urush va 2001-yilgi terror xurujlariga guvoh bo’ldik. U efirda bo’lgan davrda ro’y bergan voqealar katta ahamiyatga ega edi”, - deydi muzey xodimi.

16 yildan keyin Jon Styuart joyini janubiy afrikalik yosh qiziqchi Trevor Noaga bo’shatib berdi. Noa ham tez orada o’z auditoriyasiga ega bo’lib, millionlab amerikaliklarning e’tiborini qozondi.

Ayni paytda amerikaliklar 2020-yilda bo’ladigan prezidentlik sayloviga tayyorgarlikni yaqindan kuzatmoqda. Oliy lavozimga intilayotgan siyosatchilarni masxara qilish, ularning faoliyatini kulgi orqali fosh etish mavsumi kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG