AQSh Adliya vazirligining ma'lum qilishicha, har yili qamoqdan chiqarilayotgan 40 mingdan ortiq sobiq mahbusga maxsus dastur orqali yordam beriladi. Maqsad ularning ish topishlariga va jamiyatga qo'shilishlariga ko'maklashish.
Adliya vaziri Loretta Linchning aytishicha, bu dastur AQShda amal qilayotgan 20 yillik jazo tizimini isloh qilishga qaratilgan choralarning bir qismidir. Shu paytgacha tizimning kichik jinoyatlar uchun ham og'ir jazo belgilagani va qora tanli hamda boshqa kam sonli etnik guruh vakillariga nisbatan adolatsiz munosabatda bo'lgani tanqid qilinadi.
Ko'plab hukumat rasmiylari va huquqshunoslar nozo'ravon jinoyat bilan sudlanganlarga yengilroq jazo berish tarafdori hamda bu jazo turlari qamoqxonalarda emas, maxsus hukumat dasturlari orqali yuritiladigan joylarda va uylarda o'tkazilishi kerak, degan fikrda.
Yangi dastur bo'yicha, qamoqdan yangi chiqqan shaxslarga o'qishga kirish va ish topishda yordam beriladi. Shu bilan birga, ularga ruhiy yordam ko'rsatiladi va giyohvandlikdan qutilish dasturlari olib boriladi.
Linch, shuningdek, shtat gubernatorlarini sobiq mahbuslar uchun shtat va haydovchilik guvohnomalarini olish jarayonini osonlashtirishni so'radi.
"Jinoyat sodir etgan degan tamg'a ularni uzoq vaqt ish topish, uy-joy olish, o'qish va kredit olishdan to'sadi. Ular qamoqdan to'liq tuzalib chiqsa ham, bunday to'siqlardan qiynalishda davom etadi", - dedi u.
Oq uyda mutaxassislar AQSh ommaviy jazolash tizimining oqibatlarini tahlil qildi.
Amerika taraqqiyoti markazi mutaxassisi Tod Koksning aytishicha, har uch amerikalikning biri jinoiy tarixga ega va AQShdagi barcha bolalarning yarmida ana shunday ota yoki ona bor.
1994-yilda qabul qilingan qonunni o'zgartirishga chaqirayotganlar orasida demokratlar ham, respublikachilar ham mavjud. Ammo buni qanday amalga oshirish yuzasidan Kongress bo'lingan.